Tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini to‘xtatib turish faqat qonunga binoan amalga oshiriladi
Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, tadbirkorlar zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ hujjatlar loyihalari bevosita tadbirkorlar hamda ular birlashmalari ishtirokida muhokama qilinadi.
Tadbirkorlik sub’ektining faoliyati o‘zining arizasiga asosan; 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga – nazorat qiluvchi organlar tomonidan; 10 ish kunidan ortiq, lekin 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga – sud tomonidan to‘xtatib turilishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjatlar va normativ-texnik hujjatlar bilan belgilangan barcha majburiy talablar davlat tomonidan Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb e’tirof etilishi belgilandi.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash imtiyozlar va preferensiyalar berish; ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalash; davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish; moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash; xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; maslahat berish, uslubiy yordam ko‘rsatish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash kabi shakllarda amalga oshiriladi.
Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shgan hamda o‘z faoliyatining inson huquqlari, atrof-muhit va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy ta’sirining oldini olish uchun choralar ko‘rgan holda tadbirkorlikni amalga oshirish mas’uliyatli biznes yuritish deb e’tirof etiladi.
Tadbirkorlik sub’ekti tomonidan mas’uliyatli biznes yuritishning asosiy mezonlari inson huquqlariga rioya etish; mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar sohasida har qanday qonunga xilof amaliyotga yo‘l qo‘ymaslik; atrof-muhitni, o‘z xodimlarining va aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish hamda uni bartaraf etish va boshqalardan iborat.
N.Abduraimova,
O‘zA