Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda qanday muammolar bor?
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida shu masalaga e’tibor qaratildi. Namangan viloyatida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlari talabalarini turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov talabalarni turarjoy bilan ta’minlash darajasini yaxshilash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida 2022-2025-yillarda yangi binolarni qurish, mavjud binolarni moslashtirish orqali rekonstruksiya qilish hisobiga 77,9 ming yangi yotoq o‘rni yaratilgan.
2026-yil mart oyi holatiga davlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi talabalar turar joylar soni 391 taga yetkazilgan yoki 159,2 mingdan ortiq talabalarni joylashtirish imkoniyati yaratilgan. Shu tariqa yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarni uy-joy bilan ta’minlash darajasi 57 foizga yetkazildi.

Namangan viloyatida joylashgan 9 oliy ta’lim tashkilotida 5 ming 580 o‘rinli 9 talabalar turar joyi mavjud. Axborot tizimi orqali 7 ming 258 ariza qabul qilingan hamda 5 ming 714 nafar talabaga shartnoma va yo‘llanmalar shakllantirilgan.
Senatorlar ayrim muammoli holatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi. Xususan, Namangan viloyatidagi 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining 4 tasida talabalar uchun turar joylar qurilmaganligi sababli talabalar asosan ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.
Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan ayrim yotoqxonalarda talabalar yuvinish xonalari va hojatxonalari sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermaydi.
Namangan davlat pedagogika institutiga qarashli talabalar turarjoylari 1978-1981-yillarda qurilgan bo‘lib, ma’nan eskirgan, zamonaviy talablar bilan jihozlanmagan.

Majlisda talabalarni turarjoy bilan ta’minlashga mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi.
“Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng huquqliligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Ularga odil sudlovdan foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi va ushbu shaxslarning murojaati talab etilmagan holda soliq imtiyozlari berilishi, ularni ishga qabul qilgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniq yo‘naltirilgan holda qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng va qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ularning turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mita qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA