Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi aholi hamda tadbirkorlarni ogohlikka chaqirdi
So‘nggi vaqtlarda bozorlarda ruxsat beruvchi hujjatlarsiz, majburiy raqamli markirovka hamda muvofiqlik sertifikatlarisiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish holatlari tez-tez aniqlanmoqda. Shu bois, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tadbirkorlik sub’ektlari hamda iste’molchilarni mahsulotlarni xarid qilishda alohida ehtiyotkor va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirmoqda.
Ta’kidlanganidek, bunday noxush holatlarning qurboniga aylanmaslik uchun mahsulotlarni sotib olishdan avval majburiy raqamli markirovkaning mavjudligiga, kuzatuv hujjatlari va muvofiqlik sertifikatlarining rasmiylashtirilganligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, mahsulot kelib chiqishining qonuniyligi va uning rasmiy manbalar orqali yetkazib berilganligini tekshirish, rasmiy ishlab chiqaruvchi yoki ulgurji sotuvchilardan esa faqatgina hisob-faktura orqali xarid qilish tavsiya etiladi.
Bugungi kunda iste’molchilar uchun mahsulotning haqiqiyligini “Asl Belgisi” va “Soliq” mobil ilovalari orqali tezkor hamda mutlaqo bepul tekshirish imkoniyati yaratilgan. Mazkur zamonaviy ilovalar yordamida qisqa vaqt ichida mahsulot haqidagi barcha batafsil ma’lumotlar bilan tanishish va uning qonuniy muomalada ekanligini osongina aniqlash mumkin.
Jamiyatda qalbaki alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda uni muomalaga kiritish qonun bilan qat’iyan taqiqlanishini va bu jiddiy javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim. Shu bois, inspeksiya qalbaki, aksiz markasiz yoki qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda noqonuniy aylanishining oldini olishda barcha yurtdoshlarimizni faol va hushyor bo‘lishga chaqiradi.
M.Qosimova, O‘zA