Talabalar ishtirokida “Do‘stlik festivali” o‘tkazilmoqda
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Do‘stlik festivali” doirasida viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar ishtirokida “Vatanparvar yoshlar – Yangi O‘zbekiston kelajagining bunyodkorlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda huquq-tartibot idoralari vakillari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar va bir qator mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy qadriyatlarga hurmat, yurtimiz tinchligi va totuvligiga daxldorlik hissini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yoshlarning bilimli, fidoyi va tashabbuskor bo‘lib voyaga yetishi mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan harbiy xizmatning nufuzi, Vatanga sadoqat, tinchlikning qadri va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni haqida mazmunli fikrlar bildirildi. Ayniqsa, faxriylar va harbiy xizmatchilarning hayotiy tajribalari, mardlik va fidoyilik haqidagi hikoyalari talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Respublikamizning turli hududlaridagi oliy o‘quv yurtlaridan kelgan talaba-yoshlar ishtirokida “Zakovat Quiz” intellektual tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlov yoshlarning intellektual salohiyati, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini namoyon etishga xizmat qiladigan bilim maydoniga aylandi.
Musobaqa jarayonida ishtirokchilarga taqdim etilgan savollar nafaqat ularning bilim darajasini, balki tezkor fikrlash, mulohaza yuritish va jamoaviy hamkorlik kompetensiyalarini ham sinovdan o‘tkazdi. Tanlov davomida talaba-yoshlar tomonidan bildirilgan puxta va asosli javoblar ularning yuqori intellektual salohiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

“Do‘stlik festivali” doirasida ishtirokchilar Axborot-resurs markazi hamda registrator ofisi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, elektron kutubxona tizimi, ilmiy-adabiyotlar fondi va talabalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bu yerda yoshlarning ta’lim olishi va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun yaratilgan qulay muhit mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng, mehmonlar universitet qoshidagi qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini tomosha qildi. Ushbu uchrashuv va tanishuvlar talaba-yoshlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash hamda oliy ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.