Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqiladi
Adliya vazirligida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2026-yil 7-maydagi farmoyishi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya hamda kodeksning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan.

Prezident Administratsiyasi, Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, yuridik sohadagi yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalar rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan yig‘ilish davomida kodeksning yangi tahriridagi ustuvor yo‘nalishlar, ishchi guruh faoliyatiga oid masalalar hamda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.

Kodeks loyihasini olimlar va amaliyotchi huquqshunoslar bilan hamkorlikda ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahrirdagi loyihasini 2027-yil 1-aprelga qadar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA