Taekvondo WT: Shohjahon Xolmurodov bronza medali sohibi
Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in va murosasiz o‘tmoqda.
Musobaqaning uchinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi yana bir medalga ega chiqdi. -45 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Shohjahon Xolmurodov muvaffaqiyatli ishtirok etib, yarim finalga qadar yetib bordi.

Final yo‘llanmasi uchun kechgan bellashuvda hamyurtimizga Tailand vakili Kanbusakorn Pichaysongkram raqiblik qildi. Shiddatli va keskin kurashlarga boy tarzda o‘tgan bahsda tailandlik sportchining qo‘li baland keldi va Shohjahon Xolmurodov musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Shu tariqa, uchinchi kun yakunlariga ko‘ra, milliy jamoamiz hisobida 3 ta medal - 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA