Javohir Sindorov muddatidan avval nomzodlar turniri g‘olibi!
Kiprda poyoniga yetib borayotgan Nomzodlar turnirining 13-turida qora donalarda harakatlangan Javohir Sindorov eng asosiy ta’qibchisi niderlandiyalik Anish Giri bilan 13-turda durangga erishdi va muddatidan avval turnir g‘olibiga aylandi.
Bu, Javohir Sindorovning amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga qarshi shaxmat toji uchun kurashish huquqiga haqli tarzda ega chiqqanligini anglatmoqda.

Javohirning ushbu muvaffaqiyati, Nomzodlar turnirida o‘rnatgan alohida ko‘rsatkichlari, rekordlari O‘zbek shaxmati timsolida mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyati nechog‘li yuksakligini dunyo ahliga yana bir karra yorqin namoyon etdi.

Oldinda Nomzodlar turnirining so‘nggi 14-tur o‘yinlari bo‘lishiga qaramasdan Javohirning muddatidan oldin muvaffaqiyatga erishganligi xalqimiz aql-tafakkurining xalqaro maydondagi muhim yutug‘i, g‘alabasi sifatida e’tirofga arzigulik tarixiy voqelik bo‘ldi.
Jahon shaxmat olamidagi yangi g‘alaba barchaga muborak bo‘lsin!
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri