Tadbirkorning huquqi tiklandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Eco Infinity Technology” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari J.Otajonov 2025-yilning oktabr oyida Amudaryo tumani Qo‘rg‘on ko‘chasi 2-uyda joylashgan imoratni auksion savdosi orqali sotib olgan.
Ammo, mazkur imorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan “avtomobillar jarima maydonchasi” sifatida foydalanib kelinayotganligi sababli tadbirkorning o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkdan foydalanish imkoniyati cheklangan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq balansda saqlovchi bo‘lgan mas’ul davlat tashkiloti sotilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektini besh kun ichida xaridorga topshirish lozim bo‘lsa-da, lekin tadbirkorga mulkni topshirish choralari ko‘rilmagan.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan avtotransport vositalarini olib chiqib, binoni bo‘shatib berish o‘rniga tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lgan. Mas’ul davlat organlarining harakatsizligi oqibatida tadbirkorning o‘z mulkiga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etishi muammoga aylanib, bu jarayon 9 oy davom etgan.
Mazkur masalaga Biznes ombudsman aralashgach, tadbirkorning mulkiy huquqlarini buzgan davlat organi mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi hamda kelgusida bunday holatlarni bartaraf qilish va yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat organlari rahbariga taqdimnoma kiritildi. Natijada tadbirkorning mulk huquqlari buzilishi tiklanib, tadbirkorning imorati foydalanishga olib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri