Ko‘rgazma: ona yurt ufqlari
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rassom Abduqahhor Majidovning 60 yilligiga bag‘ishlangan “Ona yurt ufqlarining nuri” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmadan rassomning turli yillarda ijodiy safarlar va xalqaro plenarlar davomida yaratgan 40 ga yaqin asari o‘rin olgan.
Tadbirda qayd etilganidek, ekspozitsiya muallifning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari, tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbati va ona yurt manzaralariga sadoqatini yaqqol namoyon etadi. Ko‘rgazma nomi rassomning badiiy dunyoqarashini o‘zida mujassam etgan. Abduqahhor Majidov asarlarida ona yurt manzaralari ranglarning boyligi, yorug‘likning o‘zgaruvchanligi va kenglik hissi orqali talqin etiladi.

Nur esa tabiatning turli holatlari va kayfiyatini ochib beruvchi muhim badiiy ifoda vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ekspozitsiyaning asosini tog‘ manzaralari, qishloq uylari, shinam hovlilar, dala yo‘llari va gullagan bog‘lar tashkil etadi. Rassom sodda va hayotiy mavzular orqali kundalik hayotdagi o‘ziga xos joziba hamda badiiy nafosatni kashf etishga intiladi. Shu bois uning asarlarida tantanavor manzaralardan ko‘ra, fasllar almashinuvi, tabiatning turli holatlari va tabiiy yorug‘lik jilosi bilan boyigan sokin hayot manzaralari ustuvorlik qiladi.

Ta’kidlanganidek, Abduqahhor Majidovning ijodiy uslubi erkin mo‘yqalam zarblari, rang-barang faktura va nozik koloristik did bilan ajralib turadi. Rassom asosan ochiq havoda ijod qilib, ilk taassurotning tabiiyligini saqlab qolishga intiladi. Uning asarlarida rang va ohanglarning mutanosibligi tasvirning hissiy ta’sirchanligini kuchaytirib, makon chuqurligi hamda havo muhitini ishonarli aks ettiradi.

Ko‘rgazmada Samarqand va Buxoroning me’moriy obidalariga bag‘ishlangan asarlar ham namoyish etildi. Ushbu kartinalarda tarixiy me’morchilik atrofdagi manzara bilan uyg‘unlashib, makonning o‘ziga xos ruhi va muhitini ifodaladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA