Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsmanning Farg‘ona viloyati shu’basi tomonidan tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yilning o‘tgan davrida shu’ba tomonidan tadbirkorlarning huquqlarini buzgan 101 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, ma’muriy jarimalar belgilandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishni ta’minlash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha davlat organlariga 20 ta taqdimnoma, 30 ta xulosa va 49 ta ogohlantirishlar kiritildi.
Shu bilan birga, 11 ta tadbirkorlik sub’ektining 4,7 milliard so‘mdan ortiq debitor qarzdorliklarini undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, 3 ta tadbirkorning 3,3 milliard so‘mga yaqin debitor qarzdorliklari undirilishi belgilandi, ma’muriy organlarning 4 ta qarori haqiqiy emas deb topildi.
Umumiy holda 430 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning 228 tasi ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Jumladan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar bilan bog‘liq 90 ga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Mazkur yo‘nalishdagi murojaatlar asosida Biznes-ombudsman tomonidan belgilangan tartibda amaliy ishlar olib borilib, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari tiklanishiga erishildi, shu bilan birga tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirish tartibini buzgan 32 nafar mansabdorlarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi, viloyat sudlari, Savdo-sanoat palatasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hududlarda tadbirkorlik sub’ektlari bilan sayyor qabullar va uchrashuvlar tashkil etildi. Nazorat qiluvchi organlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminarlar o‘tkazildi.
O.Imomov,
Biznes-ombudsman devoni sho‘’ba mudiri.