Toshkent islom institutida zamonaviy islomiy ta’lim va aqidaviy masalalar tahlili
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada misli ko‘rilmagan tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan «Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Fatvo markazi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli ulamolar, professor-o‘qituvchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Nufuzli tadbirda notiqlar bugungi kunda yoshlarning sog‘lom e’tiqodini asrashda ulamolarning mas’uliyati, Toshkent islom institutining diniy ta’lim va ilmiy salohiyatni oshirish borasidagi o‘rni hamda sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi shiddatli globallashuv davrida Qur’oni karim va hadisi sharifning asl mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash, aqidaviy masalalarni ilmiy asosda o‘rganish hamda turli yot g‘oyalarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur anjuman zamonaviy fiqhiy va aqidaviy masalalarni hanafiy mazhabi ulamolarining boy merosi asosida tahlil qilish va hayotiy yechimlar ishlab chiqish uchun muhim ilmiy maydon bo‘lib xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, 1971-yilda asos solingan Toshkent islom instituti o‘tgan 55 yil davomida butun Markaziy Osiyo va MDH davlatlari uchun yetakchi diniy kadrlar, muftiylar va mutafakkirlarni yetishtirib bergan tabarruk ilm dargohi sanaladi. Bugungi kunga kelib institut faoliyati tubdan yangilanib, bakalavriat va magistratura bosqichlarida dunyoviy va diniy bilimlar uyg‘unlashgan holda o‘qitilmoqda. Talabalarning xalqaro nufuzli islom universitetlarida malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilib, muassasa yirik ilmiy-tadqiqot markaziga aylandi. Kelgusida bu yerda doktorantura bosqichini ochish ham rejalashtirilgan.

Anjuman doirasida Toshkent islom institutining tarixi va bitiruvchilarining jamiyatda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi, Moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari va sog‘lom e’tiqodni asrash borasidagi zamonaviy tadqiqotlar, zamonaviy fiqhiy muammolarning ilmiy yechimlari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi faoliyatining ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, shuningdek, Qur’oni karim hamda hadisi sharifni bugungi davr talablari asosida to‘g‘ri talqin qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda dolzarb ma’ruzalar tinglanib, qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.


Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalarning ilmiy asoslangan yechimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi hamda eng sara ilmiy maqola va tezislar maxsus to‘plam shaklida nashr etilishi belgilandi. Shuningdek, tadbir doirasida maqolalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
O‘zA