Tadbirkorlarga soliq tizimidagi o‘zgarish va imtiyozlar tushuntirildi
Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasida Soliq qo‘mitasining mas’ul xodimi ishtirokida tadbirkorlik sub’ektlari va hisobchilar uchun amaliy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, biznes vakillarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, nazorat tadbirlarini tartibga solish, shuningdek, soliq majburiyatlarini bajarishda yaratilgan yangi imkoniyatlar xususida fikr almashildi.
Xususan, kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etilayotgani e’tiborga molik yangilik sifatida qayd etildi. Bunda jinoyat ishi doirasidagi tekshiruvlar, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash hamda tadbirkorlik sub’ektini tugatish bilan bog‘liq ayrim holatlar bundan mustasno ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, takroriy tekshiruvlarni Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkazish tartibi, “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” tamoyilining joriy etilishi haqida so‘z yuritildi. Unga ko‘ra, birinchi marta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan va buning oqibatida inson hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
[gallery-31334]
Tadbirkorlar uchun muhim yangiliklardan yana biri — “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiya. Belgilangan shartlarga muvofiq, 2026-yil 31-dekabrga qadar soliq qarzdorligi to‘liq qoplangan taqdirda, hisoblangan penyani bekor qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, tadbirkor soliq hisobotlaridagi xatolarni mustaqil ravishda tuzatib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni belgilangan muddatda to‘lasa, ushbu summaga penya hisoblanmasligi nazarda tutilgan.
Yangi tartiblar orasida davlat xizmatlarining 50 foizini “sukut — rozilik” tamoyili asosida ko‘rsatish, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oldindan to‘lanadigan haq miqdorini 15 foiz etib belgilash hamda biznes vakillarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan choralar bor. Tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun belgilangan imkoniyatlar ham seminar ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Jumladan, eksport operatsiyalari bo‘yicha yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni tadbirkorlik sub’ektining o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat beruvchi 2027-yil 1-yanvarga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazilayotgani aytib o‘tildi.
— Bugungi seminarda tadbirkorlar uchun muhim bo‘lgan ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘ldik. Ayniqsa, tekshiruvlarga moratoriy joriy etilishi biznes vakillari uchun katta qulaylik deb o‘ylayman. Bu vaqt va resurslarni nazorat tadbirlariga emas, balki ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirish imkonini beradi. “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiya esa soliq qarzdorligi mavjud tadbirkorlar uchun muhim qo‘llab-quvvatlov bo‘ldi, — dedi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.
Uchrashuv so‘ngida tadbirkorlarga yangi tartib va imtiyozlardan foydalanish shartlari, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarish, hisobotlarni yuritish yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Soliq qo‘mitasi hamda viloyat soliq boshqarmasi mutaxassislaridan javob oldilar.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA