Milliy kutubxonada “Kitob va mutolaa haftaligi” tadbirlari davom etmoqda
Yangi Toshkent shahri hududidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi fondini shakllantirish va boyitish doirasida oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy, o‘quv va ilmiy-uslubiy nashrlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tomonidan Milliy kutubxonaga beg‘araz taqdim etildi.
Mazkur nashrlar kutubxona fondining mazmunan boyishi, uning ilmiy-ta’limiy salohiyati yuksalishi hamda kitobxonlarning ilmiy, o‘quv va ma’rifiy adabiyotlardan keng foydalanish imkoniyatlari oshishiga munosib hissa qo‘shadi.
Tashabbus doirasidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Kelgusida ham oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy, o‘quv va ilmiy-uslubiy nashrlarni Milliy kutubxonaning yangi binosi fondiga qabul qilish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar ushbu tashabbus doirasida 1 000 dan ortiq nomdagi nashrlar Milliy kutubxonaning yangi binosi fondiga qabul qilindi.
“Kuzgi mutolaa” — ijodiy uchrashuv
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitob va mutolaa haftaligi” doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon va telejurnalist, “Shuhrat” medali sohibi, shoir Orif To‘xtash bilan “Kuzgi mutolaa” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari Nasiba Xoldorova shoirning ijodiy faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Hozirga qadar Orif To‘xtashning turkum she’rlari “Har doim bo‘lsin quyosh”, “Boychechak”, “Dovon oshgan avlodlar”, “Oltin belanchak”, “Zarband: kecha va bugun”, “Vatanim, deb seni, uyg‘ondim”, “Yoshlar kitobi”, “Bir qishloq bolalari”, “Miyonqol gurungi”, “Yurtni sevmoq saodati”, “Samarqand bayozi”, “G‘unchalar tabassumi”, “Quyosh yo‘li”, “Ko‘zmunchoq”, “Ko‘ngilga tashrif” va “Vatan atri” kabi kitoblarida jamlangan. Shuningdek, shoirning bolalarga bag‘ishlab yozgan bir turkum she’rlari “O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi”dan o‘rin olgan, – dedi Nasiba Xoldorova.
Uchrashuvda shoir o‘zining she’riyatga kirib kelishiga sabab bo‘lgan omillar, ustozlari va ilk asarlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Vatan, bugungi kun, ona tabiat go‘zalligi hamda kuz fasli manzaralarini tarannum etuvchi she’rlaridan o‘qib berdi.

Tadbir ishtirokchilari ham shoir ijodiga mansub she’rlardan namunalar o‘qidilar.
Uchrashuv davomida yosh kitobxonlar shoirga o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan murojaat qilib, ularga batafsil javoblar oldi.
Haftalik doirasida omadli kitobxonlar aniqlandi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ochiq eshiklar haftaligi ham davom etmoqda.
“Kitob va mutolaa haftaligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan aksiyada navbatdagi omadli kitobxonlar aniqlandi.

Aksiya davomida bugun 35 nafar omadli kitobxonga kitob hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ID-kartasi tantanali ravishda taqdim etildi.

Ochiq eshiklar haftaligi doirasida kitobxonlar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va aksiyalar izchil davom etmoqda.
N.Usmonova, O‘zA