Tadbirkorlar taqdirlandi
Samarqand viloyati hokimligida Prezidentimizning shu yil 13-avgust kuni qabul qilingan farmoni hamda farmoyishiga ko‘ra, Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlat mukofotlari va “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan tadbirkorlarga mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev zahmatli mehnatlari e’tirof etilgan faol tadbirkorlarni tabriklab, Samarqandni yanada rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasini oshirishda ularning katta hissasi borligini ta’kidladi.
– Bugun viloyatimiz iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda tadbirkorlik sub’ektlarining o‘rni juda katta, – dedi A.Boboyev. – Masalan, joriy yilning birinchi yarmida viloyatimizning yalpi hududiy mahsuloti 59,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, buning salmoqli qismi faol va tashabbuskor tadbirkorlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, qurilish materiallari, metallurgiya, elektrotexnika va mashinasozlik tarmoqlari bugun viloyat sanoatining yangi o‘sish nuqtalariga aylanmoqda. Birgina Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasida yilning 6 oyida qariyb 4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar o‘sishga erishildi. Shu jihatdan, korxona rahbari Odil Boltayevning “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni bilan taqdirlanishi bejiz emas. Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan yana to‘rt nafar tadbirkorimiz va “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rilgan 7 nafar ishbilarmonlarimiz ham viloyatimiz faxri hisoblanadi va ularning barchalariga mukofotlar muborak bo‘lsin!
[gallery-30938]
Marosimda A.Boboyev mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
– 2017-yilda tashkil etilgan maktabimiz yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan, – deydi Samarqand shahridagi “Innovatsion maskan” nodavlat ta’lim muassasasi direktori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Muhammadxon Soliyev. – Shu paytgacha qariyb 5000 nafar yigit-qiz muassasamizda o‘qigan bo‘lsa, ularning 1500 dan ziyodi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Ular orasida ayni paytda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va dunyoning yana 20 ga yaqin mamlakatida tahsil olayotgan shogirdlarimiz bor. Tadbirkorlar kuni arafasida bu xizmatlarimiz yuksak e’tirof etilib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimdan juda xursandman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari