1979-yilda qurilgan Andijon aeroporti yangi, zamonaviy qiyofaga kirmoqda
Bugun yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar va mehmonlar soni ortayotgani, tashqi va ichki turizm rivojlangani sayin ularga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ayniqsa, yo‘lovchi tashish ko‘lamini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega masalalardan hisoblanadi. Bu borada barcha hududlarda keng ko‘lamli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi qarori asosida Andijon xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali barpo etilmoqda. Yangi terminalning qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Andijon viloyati aholisi eng zich hududlardan biri bo‘lib, 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Viloyat Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan va Qirg‘iziston bilan bevosita chegaradosh. Bunday geografik joylashuv aviaqatnovlarni rivojlantirish va hududning xalqaro transport aloqalarini kengaytirish uchun katta salohiyat yaratadi.
Andijon aeroportining amaldagi aerovokzal majmuasi 1979-yilda qurilgan bo‘lib, umumiy maydoni atigi 2 402,4 kvadrat metrni, o‘tkazuvchanlik quvvati esa soatiga 200 nafar yo‘lovchini tashkil etadi. 1995-1996-yillarda jo‘nab ketish va kelish yo‘lovchilari uchun qo‘shimcha zallar qurilgan bo‘lsa-da, shundan buyon terminalda kompleks kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan.

Press-tur davomida Andijon xalqaro aeroporti direktori Sohibjon Kenjayev hamda direktorning ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Qobiljon Abdunazarov OAV vakillariga yangi terminal imkoniyatlari va qurilish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
– 2026-yil fevral oyidan boshlangan qurilish ishlari shu yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan, – dedi aeroport direktori S.Kenjayev. – Yangi terminalning maydoni 19 ming 650 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu amaldagi terminaldan qariyb 8,2 baravar katta. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 200 nafardan 1 000 nafargacha yo‘lovchiga oshadi, ya’ni 5 baravar ko‘payadi. Loyiha amalga oshirilgach, aeroport yiliga 1,1 million nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, 2026-yilning birinchi yarim yilligida aeroport 91 ming 882 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi va 690 ta aviaqatnovni amalga oshirdi. Yangi terminal ishga tushsa, sezilarli o‘sishga erishiladi. Shu bilan birga, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Aeroport yaqinida mehmonlar uchun 300 kishilik mehmonxona quriladi hamda 30-40 kishilik kapsulalar o‘rnatiladi.
Yangi aeroport hududida imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham zarur sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, ona va bola xonasi, namozxonalar, tahoratxonalar, zamonaviy kutish zali ko‘zda tutilgan, – dedi direktor.

Ma’lum qilinganidek, 2025-yil mart oyida mavjud uchish-qo‘nish yo‘lagi, RD-V rulilash yo‘lagi va havo kemalari turargohining bir qismi rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi. Ya’ni, uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 3 ming 300 metr, eni 60 metrdan iborat bo‘lib, beton qoplama qilingan. 5 daqiqa oralig‘ida 6 ta havo kemasini ketma-ket qabul qilish imkoniyati yaratilgan.
Aerodrom infratuzilmasini keyingi bosqichda rekonstruksiya qilish doirasida yirik havo kemalari uchun 10 ta avtoturargoh, ikkita yangi rulilash yo‘lagi, jumladan, bitta tezkor rulilash yo‘lagi barpo etilmoqda. Shuningdek, perimetr xavfsizligi va elektr ta’minoti tizimi modernizatsiya qilinmoqda.

Yorug‘lik-signalizatsiya qurilmalari va perimetr to‘siqlarini o‘rnatish ishlari 95 foizga, hududni vertikal rejalashtirish ishlari esa 90 foizga bajarilgan. Yorug‘lik-signalizatsiya qurilmalarini o‘rnatishda havo tuman bo‘lgan vaqtida 300 metrgacha ko‘rish masofasini yoritib beruvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Bu ikkinchi kategoriya hisoblanib, hozirgacha Toshkent, Samarqand va Navoiy aeroportlarida mavjud edi.
Aerodrom infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi aviaqatnovlar o‘sishiga turtki berdi. Shuningdek, aeroportga yirik, jumladan, keng fyuzelyajli havo kemalarini qabul qilish imkoni yaratildi. Jumladan, joriy yilning 3-iyul kuni Andijon o‘z tarixida ilk bor Flyadeal aviakompaniyasining Madina — Andijon yo‘nalishida 354 nafar yo‘lovchidan iborat Airbus A330 rusumli muntazam reysini qabul qildi.

Tur davomida guvohi bo‘lganimizdek, bugun yangi terminal binosida qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Bosh pudratchi — «MARIN BUSINESS TRADE» MCHJ, bosh loyiha tashkiloti esa — «PRIME TOWER GROUP» hisoblanadi. Bu yerda 150 dan ortiq ishchi, mutaxassis ish olib bormoqda. Grunt suvlarini chiqarib yuborish uchun drenaj tizimini barpo etish, poydevor uchun asosni tayyorlash, poydevorni betonlash hamda bino perimetri bo‘ylab sokol betonini yotqizish ishlari to‘liq yakunlangan. Modulni yig‘ish ishlari 100 foiz bajarilgan bo‘lib, jami 13 ming 104 kvadrat metr konstruksiya o‘rnatilgan. Birinchi qavat polini betonlash va armatura karkasini o‘rnatish ishlari 90 foizga, tom profnastilini montaj qilish esa 100 foizga bajarilgan. Ayni paytda qavatlararo to‘sinlar, bog‘lovchi metall konstruksiyalar va fasad yo‘naltirgichlarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Loyiha yakunlangach, aeroport yo‘lovchi va aerodrom infratuzilmasining sifat jihatidan yangi darajasiga chiqadi. Mahalliy va xorijiy mehmonlarga, hudud aholisiga sifatli va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati kengayadi, mahalliy va xalqaro aviatashuvlar soni ortadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA