Tabiiy gaz ta’minoti barqarorligi e’tiborda
Qishki mavsumda bo‘lgani kabi yozgi kunlarda ham iste’molchilarning tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlari kamaymaydi. Shu boisdan ham xizmat ko‘rsatuvchi kommunal idoralar tomonidan bu borada tizimli ishlar tashkil etiladi.
Namangan shahrining tarkibidagi Davlatobod tumani Gulshan mahallasida joylashgan gaz taqsimlash maskanida elektron gaz hisoblash uskunalarini mavsumiy sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

"Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirlar ob-havo o‘zgarishi, qish mavsumining yakunlanishi hamda yozgi mavsumga o‘tilishi munosabati bilan aholini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash, shuningdek, energiya resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatga ega.
– Jarayonda Nurobod, Davlatobod va Davlatobod-2 kabi yirik hududlarda gaz taqsimlash tizimlari navbatdagi taftishdan o‘tkazildi, – deydi "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Nasiba Abdullayeva.
– Bunda elektron gaz hisoblash uskunalarining ishlash holati chuqur o‘rganilib, mavjud tabiiy gaz iste’moli ko‘rsatkichlari asosida texnik sozlash ishlari bajarildi.

Shuningdek, tizim samaradorligini oshirish maqsadida toraytiruvchi qurilmalar – diafragmalar yangilariga almashtirildi. Bu esa, gaz oqimini me’yoriy darajada ushlab turish, ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish va iste’molchilarga bir me’yorda tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlaydi.
Bu ishlar "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali mutaxassislari hamda "Davlatobod tumangaz" gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari hamkorligida belgilangan texnik talablar asosida amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA