Suv xo‘jaligida Namangan tajribasi ommalashtirildi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tizim samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Mamlakat miqyosidagi mazkur anjumanda Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, barcha hududlardan kelgan boshqarma rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mehmonlarga sohada yaratilgan zamonaviy infratuzilma, amalga oshirilayotgan ishlar va ilg‘or tajribalar yaqindan tanishtirildi.

Respublika suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Namangan viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarjon Hakimov yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan tarmoqda olib borilayotgan islohotlar, ularning samaralari, xususan, suvni asrash, undan oqilona foydalanish, ayniqsa, hosildorlikda tejamkor texnologiyalar qamrovini kengaytirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar o‘z samarasini berayotganligini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tizim samaradorligini oshirish hamda suv fondi yer maydonlaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida yer maydonlarini “E-auksion” elektron platformasi orqali ijaraga berish tartibiga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdimotlarda “Kavsar-tomchi” innovatsion sug‘orish texnologiyalarining afzalliklari keng yoritildi. Qayd etilganidek, ushbu tizim suv sarfini 35-40 foizgacha kamaytirish, hosildorlikni esa, 15 foizga oshirish imkonini beradi. Qolaversa, quyosh panellari orqali suv yetkazib berish tizimi elektr energiyasi xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi. Ayni vaqtda Namangan viloyatidagi 90 ta fermer xo‘jaligiga qarashli 1,5 ming gektar maydonda mazkur texnologiyalar amaliyotga keng joriy etilgan.
Seminar ishtirokchilari Chortoq tumanida joylashgan “Ayqiron-1” nasos stansiyasida bo‘lib, kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalar, nasos stansiyalari faoliyati, yordamchi xo‘jaliklar va meloratsiya ishlarini ko‘zdan kechirishdi. Bundan tashqari, sanoat korxonalari va energiya tejashga qaratilgan yechimlar bo‘yicha ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazildi.
Anjuman yakunida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Qishloq va suv xo‘jaligida o‘ziga xos mahorat maktabiga ega bo‘lgan Namanganda o‘tkazilgan respublika amaliy seminari sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda “Namangan tajribasi”ni keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA