Suvdan oqilona foydalanish yuksak hosil garovi
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Alisher Navoiy nomli fermer xo‘jaliklari hududi bugun yangicha yondashuv, zamonaviy tafakkur va tejamkorlik madaniyati uyg‘unlashgan agromaydonga aylanmoqda. Bu yerda faoliyat yuritayotgan "Baraka orom servis" hamda "Agro System Leader Group" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda yetakchilar safida.
Xususan, “Baraka orom servis” MCHJ tomonidan 696 gektar, “Agro System Leader Group” MCHJ tomonidan esa 456 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Zero, mazkur usul suvni bevosita nihol ildiziga yetkazib, har bir tomchini qadrlash imkonini beradi.

Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan bugungi sharoitda agrar sohada “ko‘p suv — ko‘p hosil” degan qarash o‘rnini “aqlli sug‘orish — barqaror hosil” tamoyili egallamoqda. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalari suv sarfini 40–50 foizgacha qisqartiradi, mineral o‘g‘itlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ildizga yetkazilishi hisobiga samaradorlikni oshiradi. Eng muhimi, yer sho‘rlanishining oldi olinib, tuproqning unumdor qatlami saqlanadi.

Mazkur ishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bilan uyg‘un. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020- 2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar Jizzax dalalarida amaliy ifodasini topmoqda.

Natija ravshan: suv tejalmoqda, yer unumdorligi ortib, hosildorlik yuksalmoqda. Eng muhimi, fermer tafakkuri yangilanmoqda — u tabiatga qarshi emas, balki u bilan hamohang ish yuritmoqda.
Joriy yilda tumanda tomchilatib sug‘orish maydonlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgani bu boradagi ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Chunki har bir tejalgan tomchi kelajakka qo‘shilgan hissa, har bir ildizga yetgan suv esa barakali hosil demakdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri