Suvdan oqilona foydalanish — farovonlikning asosiy shartlaridan biridir
Suv bor joyda hayot bor. Ammo uning shunchaki mavjudligi emas, balki har bir xonadon, har bir tomorqa va har bir ekin maydoniga o‘z vaqtida yetib borishi muhim. Buning uchun tarmoqlar soz, taqsimot adolatli, muammoga yondashuv esa tezkor bo‘lishi lozim.
Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aynan shu masalalar — mahallalardagi holatni o‘rganish, mavjud tarmoqlardan samarali foydalanish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari muhokama qilindi.
“Zoom” platformasi orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda havza boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev, markaziy apparat xodimlari, suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbarlari hamda mahallalarga biriktirilgan mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Bugun iqlim o‘zgarishi va resurslarga ehtiyoj ortib borayotgan bir sharoitda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish har qachongidan muhim. Prezidentning 2024-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham suvni tejash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Bu vazifalarning natijasi esa ko‘p jihatdan quyi bo‘g‘in — mahalladagi ishlar qay darajada to‘g‘ri tashkil etilganiga bog‘liq.

Ayni paytda viloyatdagi 304 ta mahallaga 225 nafar suv xo‘jaligi xodimi biriktirilgan. Ular hududdagi holatni o‘rganish, aholi ehtiyojini aniqlash, tarmoqlardagi kamchiliklarni belgilash va ularni bartaraf etishga amaliy yordam ko‘rsatadi. Ya’ni muammo qog‘ozda qayd etilibgina qolmay, uning yechimi joyida izlanadi.
Yig‘ilishda mahallalardagi oqar suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni chuqur o‘rganish, mavjud sug‘orish tarmoqlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. Bu shunchaki ro‘yxat tuzish emas, balki har bir tarmoqning haqiqiy holati, muammoli nuqtalari va ularni bartaraf etish choralarini aniqlashdir.
Shunga ko‘ra, tarmoq va unga tutash hududlarni tozalash, eskirgan lotoklarni yangilash, zarur joylarga nasos qurilmalari o‘rnatish, sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish kabi ishlar rejalashtirilmoqda. Avariya va nosozliklar yuzaga kelganda esa ularni tezkor bartaraf etish talab qilinmoqda.
Biroq barqaror ta’minot faqat texnikaga bog‘liq emas. Suvni qayerda, qancha va qanday sarflash ham muhim. Shu bois mahallalarda aholi o‘rtasida suvdan oqilona va tejamkor foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish vazifasi ham belgilandi.

Suv taqsimlovchi inshootlarni ta’mirlash, ularning texnik holatini yaxshilash va resursni adolatli taqsimlash ham diqqat markazida. Zero, taqsimotdagi kichik nomutanosiblik ham uni kutayotgan xonadon yoki ekin maydoni uchun katta muammoga aylanishi mumkin.
Shuning uchun muammoni uzoqdan turib emas, joyiga chiqib o‘rganish, aholi bilan bevosita muloqot qilish va yechimni ham shu yerning o‘zida izlash bugungi kun talabidir.
Axir tozalangan ariq, ta’mirlangan lotok, sozlangan nasos yoki o‘z vaqtida bartaraf etilgan avariya kimgadir oddiy ishdek ko‘rinishi mumkin. Ammo uning ortida yuzlab xonadon, tomorqa va ekin maydonlarining ehtiyoji yotibdi.

Shu ma’noda, mahallalarda boshlangan bu ishlar oddiy topshiriq emas. Bu — suvni qadrlash, uning har tomchisini asrash va odamlarning hayotiy ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan mas’uliyatdir.
Suvni tejash — bugunning talabi. Uni barqaror yetkazib berish esa ertangi farovonlikning muhim shartidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri