Oliy o‘quv yurtlarida birinchi bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi
Bugun, 7-sentyabr kuni O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida 2026/2027-o‘quv yili uchun birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga dars mashg‘ulotlari boshlandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy o‘quv yilida oliygohlarning 209,1 ming nafar 1-bosqich talabasi ilk bor talabalik safiga qabul qilindi.
Yangi o‘quv yilining ilk kunida oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Kelajak soati” ma’rifiy darslari o‘tkazildi.

Ushbu darslarda yoshlarga mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichi hamda yoshlarning mamlakat kelajagini barpo etishdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, dastlabki o‘quv haftaligida birinchi bosqich talabalari uchun “Birinchi kurs maktabi”, “Kredit-ta’lim tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlar doirasida talabalarga kredit-modul tizimi, akademik halollik tamoyillari, mustaqil ta’limni tashkil etish, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va oliy ta’lim tizimidagi raqamli xizmatlardan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladi.
Yuqori bosqich talabalari uchun dars mashg‘ulotlari 14-sentyabrdan boshlanadi.
Yangi o‘quv yili arafasida talabalar uchun zarur infratuzilma yaratish va ularni munosib kutib olish maqsadida qator amaliy ishlar qilindi. Xususan, 13 ta oliy ta’lim muassasasida jami 6 200 o‘rinli yangi talabalar turar joyi hamda 3 500 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, talabalarni turar joylarga tizimli joylashtirish maqsadida oliygohlarda tezkor shtablar, “Qalqon” guruhlari, tyutorlar va volontyorlar jamoalari hamda Call-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 408 ta talabalar turar joyidagi 167 ming o‘ringa talabalarni joylashtirish ishlari davom etmoqda. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ustuvorlik berilmoqda.

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida asosiy e’tibor yoshlarimizning ta’lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Natijada o‘tgan 10 yil mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazilib, ularga qabul 3,5 barobarga ortdi.
Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali 74 ta nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 32 taga, davlat oliy ta’lim tashkilotlari esa 99 taga yetkazildi.

Hozirgi kunga qadar 10 ta texnika oliygohi qayta tashkil etildi. Jumladan, Buxoro, Qarshi, Termiz, Farg‘ona, Nukus, Namangan, Samarqand davlat texnika universitetlari, Andijon va Olmaliq davlat texnika institutlari hamda Toshkent Tech texnika universiteti tashkil etildi.
Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga oshirildi. 2017-yilda talabalar soni 279 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 1,6 mln nafardan oshdi. Shundan 904 ming nafarini (54,2 foiz) xotin-qizlar tashkil etadi. Bu, o‘z navbatida, 2017-yilga nisbatan 5,7 barobar ko‘p demakdir.
Hozirgi kunda xorijiy talabalar soni 24 ming nafarga yetdi. Oliygohlardagi o‘quv jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi. Oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizga maqbullashtirildi. 28 ta oliy ta’lim tashkilotining 185 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. 2 000 dan ortiq ta’lim dasturi TOP-300 reytingidagi universitetlar dasturlariga moslashtirildi.

Xorijiy universitetlar bilan 441 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Shundan 18 tasi TOP-500 ga kirgan universitetlar bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlaridir.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda qizlar uchun alohida davlat grantlari asosida qabul ko‘rsatkichi ajratildi. 2021-yildan boshlab ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti 2 barobarga oshirildi.
2022-yildan buyon davlat oliygohlarining magistratura bosqichiga to‘lov-shartnoma asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning shartnoma pullari uchun Davlat byudjetidan jami 484,1 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
2026/2027 o‘quv yili uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 10 foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 3 600 ta ta’lim granti kvotasi tasdiqlandi. Bularning barchasi mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini jadal rivojlantirish, yoshlarni bilimli, ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi ezgu ishlarning tizimli natijalaridir.
N.Usmonova, O‘zA