Suv xo‘jaligidagi islohotlar qanday natija bermoqda? – Mutaxassis javob berdi
Suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda suv xo‘jaligi sohasini isloh qilish, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohani modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha Prezidentimizning farmon va qarorlari asosida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Akmal Hasanov quyidagilarni so‘zlab berdi:
–Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar suv xavfsizligini mustahkamlash, irrigatsiya va melioratsiya infratuzilmasini yangilash, suv tejovchi texnologiyalarni ommalashtirish, raqamli boshqaruv mexanizmlarini kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi ta’sirlarini yumshatishga qaratilgan. Bu borada sohadagi vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida manzilli dasturlar va amaliy chora-tadbirlar izchil hayotga tatbiq etilmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida respublika boʻyicha 515,5 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Xususan, 114,4 ming gektarda tomchilatib sugʻorish, 24,6 ming gektarda yomgʻirlatib sugʻorish 6,9 ming gektarda diskret sugʻorish, 74,5 ming gektarda boshqa turdagi zamonaviy sugʻorish texnologiyalari qoʻllanildi hamda 295,2 ming gektar maydonlar lazer tekislandi. Natijada suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida resurs tejamkorligini taʼminlash borasida muhim natijalarga erishilmoqda.
Sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan 70 ta loyiha doirasida 515 kilometr uzunlikdagi sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi. Shuningdek, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kredit mablag‘lari hisobidan 2 ta loyiha bo‘yicha yana 10,6 kilometr sug‘orish tarmoqlari beton qoplamasi bilan mustahkamlandi.
Suv yo‘qotishlarini kamaytirish va energiya resurslaridan samarali foydalanish maqsadida yangi infratuzilma loyihalari ham ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi “Paxtaobod” magistral kanali tizimidagi nasos stansiyalaridan suv oluvchi tarmoqlarni yopiq quvurli tizimga o‘tkazish bo‘yicha loyiha tayyorlanib, uni xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari va loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha jami 10 ming kilometr uzunlikdagi ochiq kollektor va drenaj tarmoqlarini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazish hamda qo‘shimcha ekin maydonlarini qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish rejalashtirilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan uch yillik manzilli dasturlar tasdiqlanib, hududlarda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Bugungi kunda mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 39 kilometrdan ortiq ochiq kollektorlar yopiq tizimga o‘tkazildi. Bu esa suv resurslarini tejash, meliorativ holatni yaxshilash va qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar suv resurslarini boshqarishning zamonaviy va samarali tizimini shakllantirish, mamlakat suv xavfsizligini mustahkamlash, agrar tarmoq raqobatbardoshligini oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ilmiy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or xalqaro tajriba asosida olib borilayotgan mazkur ishlar mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.