Yozning jaziramasidan hayvonlar qanday himoya qilinadi? (+video)
Toshkent hayvonot bog‘ida 8 mingdan ortiq hayvonlar parvarish qilinadi. Ularga yozning jazirama kunlarida munosib sharoit yaratish uchun katta islohotlar amalga oshirildi.
Toshkent hayvonot bog‘i 1924-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu joy kattalar va ayniqsa bolajonlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Tabiat qo‘ynida yoki teleekran orqali uchratish mumkin bo‘lgan hayvonot olami vakillari bir makonda jam bo‘lganligi bu yerga keluvchilarga katta zavq va ma’lumot beradi. Hayvonot bog‘ining umumiy maydoni 21.5 gektarni tashkil etib, unda 352 turdagi 8 000 dan ortiq jonivorlar parvarish qilinadi.
Yozning jaziramasida ularga maksimal qulaylik yaratish maqsadida keng va qulay volerlar, ya’ni tabiiy muhitga moslashtirilgan, yovvoyi hayvonlarni saqlash, ko‘paytirish va o‘rganish uchun maxsus joylari tashkil qilingan.
Shuningdek, jaziramadan himoya qilish uchun shinamgina yashil hududda sun’iy suv havzalari, favvoralar, sharsharalar, suv kanali, chiroyli ko‘prikka ega katta ko‘l barpo qilingan.
Darhaqiqat, yangi boshqaruv kompaniyasi kelishi bilan hayvonot bog‘ida jonivorlarni tabiiy sharoitlarga yaqin bo‘lgan qulay muhitda saqlash maqsadida keng ko‘lamli yangilanish va rekonstruksiya ishlari olib borildi.
Toshkent hayvonot bog‘i infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yaxshilash konsepsiyasi qabul qilinib, to‘plam tarkibidagi turlar xilma-xilligini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Masalan, fillar majmuasi, “Safari” zonasi, jayralar, primatlar hamda yirtqich hayvonlar: sherlar, yo‘lbarslar, bo‘rilar, ayiqlar uchun yangi zamonaviy ekspozitsiyalar yaratildi.
Aytish kerakki, Toshkent hayvonot bog‘i bioxilma-xillikni saqlashda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Bu yerda vatanimizning turli hududlarida yashovchi ko‘plab nodir va yo‘qolib borayotgan hayvon turlari saqlanadi va ko‘paytiriladi. Shu kunlarda nafaqat yurtimizning turli burchaklaridan, balki qo‘shni davlatlardan ham ko‘plab insonlar bu so‘lim go‘shada miriqib hordiq chiqarib ketmoqdalar. Fuqarolarning ekologik savodxonligini oshirish va tabiatga nisbatan g‘amxo‘rona munosabatda bo‘lishlarini shakllantirishda ham aynan ana shunday maskanlarning alohida o‘rni bor.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UVYGRN9qOaU" title="Yozning jaziramasidan hayvonlar qanday himoya qilinadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA