Suv ta’minoti yaxshilangan maydonlar hajmi 15 ming gektarga yetdi
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Xorazm viloyatining Shovot tumanida suvdan foydalanuvchilar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Unda viloyat va tuman mutasaddilari, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, fermerlar, tadbirkorlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Shovot tumanida 28,4 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydonlariga 185 kilometr kanallar, 1,1 ming kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari, 709 kilometr kollektorlar va 26 ta nasos stansiyasi orqali xizmat ko‘rsatilmoqda.
So‘nggi besh yilda tumanda 31 ta “Aqlli suv” tizimi hamda 127 ta meliorativ kuzatuv qudug‘iga “Diver” qurilmalari o‘rnatildi. Shuningdek, 17 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.

30,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 21 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektida qurilish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 15 ming gektar maydonning suv ta’minoti va 21 ming gektar yerlarning meliorativ holati yaxshilandi. Irrigatsiya tizimlarining foydali ish koeffitsiyenti esa 0,63 dan 0,66 gacha oshirildi.
Muloqot davomida fermerlar tomonidan bildirilgan qator murojaatlar muhokama qilindi. Xususan, “Kongil-yop” kanalini betonlashtirish, “Somonli yop” kanaliga gidrotexnik inshoot qurish hamda “GD-12” ichki kollektorini qazish bo‘yicha takliflar ijobiy hal etilishi ma’lum qilindi. Mazkur loyihalar 2026-yilgi davlat dasturiga kiritilgan.
Shuningdek, joriy ilda tumanda 59 kilometr kanal, 3 ta gidrotexnika inshooti va 3 ta gidropostni ta’mirlash, 17 kilometr irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish, 9 ta suv xo‘jaligi ob’ektiga “Aqlli suv” tizimini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Onlayn muloqot chog‘ida 15 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA