Suv resurslaridan oqilona foydalanish istiqbollari muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida “Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion modeliga o‘tish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanishning istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohani boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining qabul qilingani suv resurslarini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Mazkur qarorda 2026 — 2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish belgilangan. Bu nafaqat suv sarfini qisqartirish, balki hosildorlikni, mineral o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligini oshirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar qamrovini yana kengaytirish maqsadida Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2024-yildan boshlab suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga “suvkredit.uz” platformasi orqali 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kreditlar ajratilishi belgilangan.

Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha loyihalarga tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 10 foizdan oshadigan qismini Davlat byudjetidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunga kelib, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 60 tani tashkil etib, mahalliylashtirish darajasi 80 foizga, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 250-300 ming gektarga yetkazildi.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish natijasida suv resurslarini tejash bilan birga, 55,8 milliard so‘m mablag‘lar iqtisod qilindi. Meliorativ kuzatuvlar aniqligi va raqamli suv boshqaruvining samaradorligi 20 foizga oshishiga erishilib, suvning texnik yo‘qotilishi 10 foizga qisqartirildi.
Tadbirda suv resurslaridan samarali foydalanish davlatimizning ustuvor vazifasiga aylanayotgani, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani qayd etildi.
Suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA