Ta’lim, tarbiya va yoshlar masalalari atroflicha o‘rganildi
Sirdaryo viloyatida yoshlar siyosati, ta’lim sifati va huquqiy tarbiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ana shu yo‘nalishda Guliston davlat universitetida tashkil etilgan uchrashuv mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi qarorlari — “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari” va “Yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish chora-tadbirlari” ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov ishtirok etdi.

Tashrif davomida mehmonlar universitetning faol talabalaridan tashkil topgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi bilan muloqot qildi. Suhbatda huquqbuzarliklarning oldini olish, ichki tartibni mustahkamlash va talabalarning huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bahriddin Valiyev guruh faoliyatini tizimli tashkil etish, profilaktika ishlarini manzilli yo‘lga qo‘yish va talabalar bilan individual ishlashni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Mehmonlar universitetning zamonaviy Axborot-resurs markazi bilan tanishishdi. Unda yaratilgan qulay va innovatsion o‘quv muhiti, elektron va bosma adabiyotlar fondi, mustaqil ta’lim imkoniyatlari ta’lim sifati va talabalarning intellektual salohiyatini oshirishda muhim omil sifatida baholandi. Raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga chuqur integratsiya qilingani alohida qayd etildi.
Uchrashuvlar davomida universitetning ijodkor yoshlari — “Mushoira” klubi a’zolari va uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Yoshlar tomonidan taqdim etilgan she’rlar, adabiy loyihalar va ijodiy tashabbuslar katta qiziqish bilan tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrifning keyingi manzili universitetning sport infratuzilmasi bo‘ldi. Markaziy o‘yingoh va zamonaviy sport majmualarida faoliyat yuritayotgan sportchi talabalar, jumladan jahon va Osiyo chempionlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbatda ularning yutuqlari, tayyorgarlik jarayonlari va xalqaro musobaqalarda ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi. Mehmonlar sport infratuzilmasini takomillashtirish, murabbiylar bilan ishlashni kuchaytirish va iqtidorli yoshlarni saralash bo‘yicha takliflar berishdi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari — Guliston davlat pedagogika instituti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali faoliyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Unda ta’lim sifati, moddiy-texnik baza, ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va talabalar bandligi masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, dual ta’lim tizimini kengaytirish va bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashuvini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Bu esa ta’lim va amaliyot uyg‘unligi orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda katta ahamiyatga ega.
Viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash va talab yuqori mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash ishlariga e’tibor qaratildi.
Tashrifning yana bir muhim qismi universitetdagi ilmiy ishlanmalar, startaplar va innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan amaliy ahamiyatga ega ishlanmalar namoyish etildi. Mehmonlar ularni qo‘llab-quvvatlash, tijoratlashtirish va amaliyotga joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berdi.
Tadbir davomida universitet ijodiy jamoalari a’zolari kuy-qo‘shiq, raqslar ijro etishdi.
Yakuniy bosqichda universitet Madaniyat saroyida “Payshanba — yoshlar kuni” doirasida ochiq muloqot tashkil etildi. Talabalar ta’lim sifati, amaliyot imkoniyatlari, bandlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi, startap va innovatsiyalar bo‘yicha fikr va takliflarini bildirishdi. Mehmonlar yoshlar tashabbuslarini diqqat bilan tinglashib, ularni amaliyotga joriy etish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berishdi.
Tadbir yakunida Prezidentning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlari ijrosida faol ishtirok etayotgan talabalar va uyushmagan yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri