Surxondaryolik paxtakorlar zafar quchdi
Surxondaryo viloyati paxtakorlari joriy yil hosili uchun mo‘l hosil to‘plab, xom ashyo topshirish shartnomaviy rejasini bajardi.
Har gektar maydondan o‘rtacha 52,2 sentnerdan hosil yig‘ib olgan mirishkorlar qabul punktlariga 328 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi topshirdi.
Viloyatda bu yil 1 ming 854 fermer va klaster 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, uning 31 ming 335 gektarida xorijiy navlar, 3 ming 140 gektarida ingichka tolali, 28 ming 375 gektarida o‘rta tolali g‘o‘za navlari yetishtirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fermerlarni qo‘llab-quvvatlab, paxtachilikni mexanizatsiyalashtirishga qaratilayotgan e’tibor, paxtakorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hosilning erta pishib yetilishi va xomashyoni qisqa kunlarda terib-yig‘ib olishda muhim omil bo‘ldi. Jumladan, keyingi ikki yilda 153 ta zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilinib, yig‘im-terimga jalb etilgani qo‘l mehnatini kamaytirib, hosilni sifatli yig‘ishtirib olishga xizmat qildi. Shuningdek, hosildorlikni oshirishda ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, g‘o‘za parvarishida ilg‘or tajribalardan samarali foydalanilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani sohani serdaromad tarmoqqa aylantirdi.

Viloyatda paxta yig‘im-terimi davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri