Qish ostonasidagi katta tayyorgarlik
Kuz-qish mavsumi kommunal soha uchun jiddiy sinov davri. Ayniqsa, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va muhim infratuzilmalarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash nafaqat texnik, balki katta ijtimoiy mas’uliyatni ham talab etadi. Shu bois mavsumga tayyorgarlik jarayonida har bir tarmoq, qozonxona va ob’ektning holatini oldindan baholash, mavjud muammolarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy viloyatida 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham ana shu yondashuv asosida tashkil etilmoqda. Avvalo, issiqlik ta’minoti ob’ektlari xatlovdan o‘tkazilib, eskirgan tarmoqlar, ta’mirga muhtoj qozonxonalar va muammoli uchastkalar aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
– Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 6,9 kilometr issiqlik tarmog‘i va 16 ta isitish qozoni joriy ta’mirlanishi belgilangan edi. Bugun ushbu ishlar to‘liq bajarilgan, – deydi viloyat “Issiqlik ta’minoti” MCHJ direktori Anvar Bo‘riyev. – Biroq sohadagi yondashuv faqat rejani bajarish bilan cheklanib qolmayapti. Qo‘shimcha o‘rganishlar natijasida yana 7,4 to‘rt kilometr tarmoq rejadan tashqari ta’mirlandi. Bu, avvalo, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora sifatida ahamiyatli. Chunki issiqlik tizimida muammoni qishning eng sovuq kunlarida bartaraf etishdan ko‘ra, uni mavsum boshlanishidan oldin aniqlash va hal qilish samaraliroqdir.

Hozirgi kunda Navoiy shahrida tizimni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shaharda 3,8 kilometr issiqlik tarmog‘i zamonaviy PPU quvurlariga almashtirilmoqda. Bunday quvurlardan foydalanish issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, tarmoqlarning texnik ishonchliligini oshirish va ularning xizmat muddatini uzaytirish imkonini beradi. Shu jihatdan, bugungi ta’mirlash ishlarini faqat mavsumga tayyorgarlik emas, balki issiqlik ta’minoti infratuzilmasini uzoq muddatga yangilash jarayoni sifatida baholash mumkin. Shaharda diametri 720 millimetr bo‘lgan quvurlarning 1100 yuz metri ham zamonaviy PPU quvurlariga almashtirilmoqda. Ushbu tarmoq 17- va 18-kichik tumanlarni issiqlik bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ta’mirlash ishlari yakunlangach, mazkur hududlarda issiqlikni bir maromda yetkazib berish imkoniyati yaxshilanadi.

Viloyatdagi issiqlik ta’minoti tizimining asosiy yuklamasi Navoiy filiali hissasiga to‘g‘ri keladi. Filialda reja bo‘yicha 3,7 kilometr tarmoq ta’mirlanishi belgilangan bo‘lib, bu vazifa to‘liq bajarildi. Shu bilan birga, korxona mablag‘lari hisobidan rejadan tashqari yana 7 kilometr tarmoqda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 6-kichik tumandagi Metallurglar shohko‘chasi hududida 3,8 kilometr, G‘alaba shohko‘chasi bo‘ylab 0,9 kilometr va shahar ichki hududlarida 2,3 kilometr tarmoq ta’mirdan chiqarildi. Ayniqsa, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan uchastkalarning yangilanishi profilaktik ishlarning ijtimoiy ahamiyatini oshiradi.
Zarafshon shahridagi tayyorgarlik ham hududning o‘ziga xos iqlim sharoiti inobatga olingan holda tashkil etildi. Filialda rejadagi 1,6 kilometr o‘rniga 2,9 kilometr issiqlik tarmog‘i ta’mirlandi. Shuningdek, filialdagi 11 ta isitish qozoni mavsumga tayyor holatga keltirildi. Qo‘shimcha ravishda 0,4 kilometr tarmoqda rejadan tashqari ta’mirlash ishlari bajarildi.

Uchquduq tumanida esa rejalashtirilgan 1,4 kilometr tarmoqdagi ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. Qizilqum hududida joylashgan bu tuman uchun issiqlik tizimining ishonchliligi ayniqsa muhim. Shu bois quvurlarning texnik holati, izolyatsiyasi va tarmoqlarning mavsumiy yuklamaga tayyorligi alohida nazorat qilindi.
Issiqlik tarmoqlari bilan bir qatorda, uning asosiy manbai hisoblangan qozonxonalarning texnik holati ham e’tibordan chetda qolmadi. Navoiy qozonxonalari filialida 0,2 kilometr tarmoq va 5 isitish qozoni ta’mirdan chiqarildi. Uskunalar, nasos agregatlari hamda avtomatlashtirish va xavfsizlik tizimlari ko‘rikdan o‘tkazildi.
Sohadagi muhim o‘zgarishlardan yana biri lokal qozonxonalarni boshqarish tizimi bilan bog‘liq. Davlatimiz rahbarining 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida boshqaruv servis kompaniyalariga tegishli 20 ta lokal qozonxona issiqlik ta’minoti balansiga o‘tkazildi. Ularni qabul qilish ishlari yakunlanib, mavsumga tayyorlash choralari ko‘rilmoqda.

Bu o‘zgarishning ahamiyati shundaki, issiqlik ta’minotida yagona tizimli boshqaruvni shakllantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va aholi uchun yanada barqaror sharoit yaratish imkoniyati kengayadi. Umuman, Navoiy viloyatidagi tayyorgarlik jarayoniga qarab, sohada asosiy e’tiborni avariyalarni bartaraf etishdan ko‘ra ularning oldini olishga qaratish tendensiyasi kuchayganini ko‘rish mumkin. Rejadan tashqari tarmoqlarni ta’mirlash, eski quvurlarni zamonaviy texnologiyalar asosida almashtirish va qozonxonalarni oldindan texnik tayyorlash ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Zero, qishga tayyorlik – bir mavsumli vazifa emas. Bu infratuzilmaning ishonchliligini oshirish, energiyani tejash va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan uzluksiz jarayondir. Navoiy viloyatida amalga oshirilgan va davom etayotgan ishlar esa shu maqsadga qaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri