Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrida 25-ijodiy mavsum boshlandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrida 25-ijodiy mavsumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda teatr jamoasi tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
2001-yildan buyon faoliyat yuritayotgan teatr jamoasi bolalar va o‘smirlar uchun spektakllar yaratib, o‘z ijodiy maktabini shakllantirib kelmoqda. Ayni paytda teatr repertuaridan 50 ga yaqin spektakl va musiqali dastur o‘rin olgan.
Teatr jamoasi turli tanlov va festivallarda ham munosib natijalarga erishgan. Xususan, 2020-yildagi «Respublika qo‘g‘irchoq teatrlarining XII an’anaviy ko‘rik-festivali»da «Qodiriy kuldirganda» spektakli bilan ishtirok etib, birinchi darajali g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
[gallery-31286]
Ijodiy hamkorliklar doirasida 2023-yilda Ozarbayjonning Salyan davlat qo‘g‘irchoq teatrida «Karvon saroy» spektakli namoyish etildi. 2024-yilda mazkur teatr bilan hamkorlikda «Xo‘roz nega uchmaydi?» spektakli sahnalashtirildi. Shuningdek, turkiyalik rejissyor Nurhan Uslu tomonidan sahnalashtirilgan «Bremen musiqachilari» spektakli 2025-yilda Turkiyadagi I Xalqaro bolalar teatri festivalida namoyish etildi.
Yangi ijodiy mavsumda teatr jamoasi repertuarni yangi spektakllar bilan boyitish, ijodiy loyihalarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni davom ettirishni maqsad qilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA