Milliy madaniy markazlar – hamjihatlik va birdamlik maskani
Qashqadaryo qadimdan turli millat, til va e’tiqod vakillari ahil istiqomat qilib, mehnat qilib kelgan, o‘ziga xos madaniy muhit shakllangan voha sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu zaminda millatlararo totuvlik kundalik hayotda — qo‘shnichilik munosabatlari, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, bayram va marosimlarni birgalikda o‘tkazish singari an’analarda namoyon bo‘ladi.
Aslida, xalqning eng katta boyligi turli madaniyat vakillarining bir zaminda tinch-totuv yashay olishi, bir-birining qadriyatlarini hurmat qilishi va umumiy maqsadlar yo‘lidagi hamjihatligidir.

Ana shu hamjihatlikni asrash, uni yangi avlod tafakkuriga singdirish va umumiy taraqqiyot omiliga aylantirishda milliy madaniy markazlar muhim jamoatchilik instituti hisoblanadi. Ular, avvalo, madaniy xotirani saqlaydigan, avlodlarni bog‘laydigan, turli millat vakillari o‘rtasida muloqot va o‘zaro anglashuvni kuchaytiradigan ijtimoiy maydondir.
Huquqiy kafolat va ijtimoiy ishonch
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch va ahil hayot kechirmoqda. Mamlakatda 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ta’lim 7 tilda olib borilsa, tele va radiodasturlar 12 tilda efirga uzatiladi, gazeta va jurnallar esa 14 tilda nashr etilmoqda.
So‘nggi yillarda millatlararo munosabatlar sohasida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ham bu yo‘nalishning huquqiy va institutsional asoslari izchil mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Qashqadaryo: madaniyatdan hamjihatlik sari
Bugun Qashqadaryo viloyatida Arab, Tojik, Rus, Tatar-boshqird va Turkman milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning har biri o‘z ona tili, adabiyoti, san’ati, milliy libosi va urf-odatlarini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etishga hissa qo‘shmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, ularning faoliyati muayyan millat doirasi bilan cheklanib qolmagan. Navro‘z, Mustaqillik bayrami, Xalqlar do‘stligi kuni va boshqa umumxalq tadbirlarida turli milliy madaniy markazlarning bir safda ishtirok etishi Qashqadaryodagi madaniy xilma-xillikning yagona ijtimoiy makonda uyg‘unlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Markazlar qoshidagi folklor va badiiy jamoalar esa milliy xotirani sahna tili orqali namoyon etmoqda. “Koyash”, “Gunesh”, “Al-jiynat”, “Sudarushka” kabi ansambllarning viloyat va respublika miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etishi milliy san’at namunalarini keng jamoatchilikka taqdim etish bilan birga, ularni keyingi avlodlarga yetkazish vazifasini ham bajarmoqda.
Bu jarayonda Qashqadaryo Arab milliy madaniy markazi faoliyatida milliy merosni saqlashning turli yo‘nalishlari uyg‘unlashgan. Jeynovda an’anaviy arab gilamdo‘zligi ustaxonasi, arab tili kurslari va etnografik muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. “Asrlar qo‘ynidan”, “Jeynovliklar”, “O‘zbekiston arablari” kabi hujjatli filmlar yaratilgan, qadimiy qo‘shiq va raqslar sahnaga olib chiqilgan.
Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Arab hamda Tatar-boshqird milliy madaniy markazlariga “Turli millat va elatlar o‘rtasidagi totuvlikni ta’minlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarini rivojlantirish” yo‘nalishida davlat grantlari ajratilishi mazkur sohani davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy e’tiborning yorqin ifodasidir. Mazkur loyihalar milliy madaniy markazlarning tashkiliy va moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish, yangi madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash hamda jamiyatda fuqarolik birdamligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Madaniy muloqot – ijtimoiy ishonch omili
Milliy madaniy markazlarning o‘zaro hamkorligi ham muhim ahamiyatga ega. Viloyatda ular ishtirokida o‘tkazilayotgan qo‘shma konsertlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy taomlar va hunarmandlik ko‘rgazmalari turli madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Ayniqsa, markazlarning xayriya, obodonlashtirish, ekologik aksiyalar va ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishi madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini bir nuqtada uyg‘unlashtiradi. Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, mahallalarni obodonlashtirish yoki tabiatni asrash kabi ezgu tashabbuslarda insonning olijanobligi va fuqarolik pozitsiyasi namoyon bo‘ladi.
Shu jihatdan, milliy madaniy markazlarning o‘zaro hamkorligi nafaqat turli millatlarning madaniy merosini asrash va targ‘ib qilish, balki jamiyatda o‘zaro ishonch, mehr-oqibat va fuqarolik birdamligini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim omildir. Birgalikdagi madaniy tadbirlar, xayriya va ijtimoiy tashabbuslar orqali turli millat vakillari bir-birini yaxshiroq anglab, umumiy qadriyatlar atrofida birlashmoqda.
Asosiy e’tibor – yoshlarga
Bugun millatlararo totuvlikni ta’minlashda eng muhim vazifalardan biri ushbu qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirishdir. Zero, bag‘rikenglikni faqat bayramlarda eslashning o‘zi kifoya emas. U oila, maktab, mahalla, oliy ta’lim muassasasi va jamoatchilik muhitida kundalik hayot tarziga aylanishi kerak.
Ona tili va folklor to‘garaklari, kitobxonlik kechalari, ijodiy uchrashuvlar, muzey va tarixiy maskanlarga sayohatlar yoshlarning o‘z milliy merosi bilan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytiradi. Boshqa millat vakillari bilan qo‘shma loyihalar esa ularda madaniy farqlarni to‘g‘ri anglash, hurmat qilish va umumiy maqsad yo‘lida hamkorlik qilish ko‘nikmasini shakllantiradi.
Bu borada zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish ham muhim. 2026-yilda Qashqadaryo viloyati tatar-boshqird milliy madaniy markazi faoliyatiga bag‘ishlangan “Bir osmon ostida” teleko‘rsatuvining namoyish etilgani milliy markazlar hayotini keng jamoatchilikka yetkazishning yaxshi namunasi bo‘ldi.
Bugun yosh avlod axborotni asosan raqamli muhitdan olayotganini hisobga olsak, milliy madaniy markazlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini kuchaytirish dolzarb vazifadir. Qisqa videolar, podkastlar, intervyular, raqamli ko‘rgazmalar, milliy hunarmandlik va folklor namunalarining elektron arxivlarini yaratish orqali madaniy merosni yoshlarga ular tushunadigan va qiziqadigan shaklda yetkazish mumkin.
Qadriyatlarni asrash uni kelajakka yetkazish demak
Ba’zan bir dasturxon atrofidagi samimiy suhbat, bir sahnada yangragan turfa qo‘shiqlar yoki bir maqsad yo‘lida amalga oshirilgan xayriya tashabbusi yuzlab rasmiy shiorlardan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi. Chunki odamlar totuvlik haqida nafaqat eshitadi, balki uni amalda his qiladi.
Milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar ham bu jarayonning barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2021-yildan ularga davlat subsidiyalari ajratilib, “Do‘stlik uylari” va tegishli binolarda bepul faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratilgan.
Shu nuqtayi nazardan, og‘zaki tarix namunalarini yozib olish, nodir qo‘shiq va marosimlarni raqamlashtirish, milliy libos va hunarmandlik namunalarini kataloglashtirish, ularni o‘zbek tili bilan bir qatorda milliy tillarda ham elektron shaklda jamoatchilikka taqdim etish kelgusi davrdagi muhim vazifalardandir.
Viloyatdagi milliy madaniy markazlar o‘rtasida yillik qo‘shma dastur shakllantirish ham yaxshi samara beradi. Xususan, madaniy haftaliklar doirasida til va adabiyot kunlari, oilaviy hunarmandlik ko‘rgazmalari, talabalar ilmiy muloqotlari, milliy taomlar festivali va xayriya aksiyalarini yagona dasturga birlashtirish mumkin.
Shu ma’noda aytganda, milliy madaniy markazlarning bugungi vazifasi faqat o‘tmish merosini saqlash bilan cheklanmasligi kerak. Ular tarix va zamonaviylik, milliy o‘zlik va umumfuqarolik qadriyatlari, katta avlod tajribasi va yoshlar tashabbuslarini bog‘laydigan tirik ko‘prik vazifasini bajarishi lozim. Chunki har bir milliy madaniyat boshqa madaniyatlar bilan muloqotda yanada boyiydi, qadriyatlar insonlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatida qayta yaratiladi. Milliy madaniy markazlar esa bugun ana shu qadriyatlarni hayotga tatbiq etayotgan maskanlar sifatida muhim ijtimoiy vazifani bajarmoqda.
Rustam ANNAYEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA