Surxondaryo tandiri – milliy ta’m va an’analar timsoli
FOTOREPORTAJ
O‘zbek milliy taomlari orasida alohida o‘rin tutadigan tandir go‘shti nafaqat mazali taom, balki asrlar davomida shakllangan turmush tarzi, mehmondo‘stlik va milliy qadriyatlarning yorqin ifodasidir. Ayniqsa, Surxondaryo viloyati nomi tilga olinganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga tandirda pishgan, o‘ziga xos hid va ta’mga ega shirali go‘sht manzarasi keladi.
Tandir go‘shti tayyorlash jarayoni oddiy pishirishdan ancha farq qiladi. U o‘ziga xos an’ana va tajribaga asoslangan marosim hisoblanadi. Avvalo, tandir ichida kuchli olov yoqilib, uning devorlari qizdiriladi. Odatda, o‘tin sifatida mevali daraxtlardan foydalanilishi go‘shtga o‘ziga xos hid va ta’m bag‘ishlaydi.
Go‘sht, asosan, qo‘y yoki echki go‘shtidan tanlanib, katta bo‘laklarga ajratiladi. U tuz va turli ziravorlar bilan aralashtiriladi. Ayrim hududlarda piyoz, sarimsoq va mahalliy o‘simliklar qo‘shilib, ta’mi yanada boyitiladi. Shundan so‘ng go‘sht maxsus ilgaklarga osilib, tandir ichiga joylashtiriladi va og‘zi mahkam yopiladi. Natijada go‘sht o‘z bug‘i va issiqlik ta’sirida sekin-asta pishib, tashqi tomondan qizargan, ichi esa yumshoq va shirali holga keladi.
Tandir go‘shti tayyorlash an’analari hududlar kesimida o‘ziga xoslik kasb etadi. Xususan, Boysun tumanida tabiiy o‘simliklar va yovvoyi ziravorlardan keng foydalanilsa, Sherobod tumanida go‘shtni oldindan marinad qilish an’anasi rivojlangan. Boshqa hududlarda esa tandir turi, o‘tin tanlovi va pishirish usullari bilan farq qiladi. Bu esa mazkur taomni yanada boy milliy meros sifatida namoyon etadi.
[gallery-29160]
Surxondaryo ahli uchun tandir nafaqat pishirish vositasi, balki qadriyat, birlik va baraka timsoli hisoblanadi. U o‘zida milliy ruh, tarix va an’analarni mujassam etgan noyob taom sifatida e’tirof etiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA