“Boysun bahori”ga havo sharlari festivali o‘zgacha ziynat ulashdi
Boysun tumanida bo‘lib o‘tayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining ikkinchi kuni havo sharlari tomoshasi bilan boshlandi.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda 35 ta rang-barang havo shari Boysun uzra ko‘kka ko‘tarildi. Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi jozibador Boysunning muxlislari havo sharlarida ko‘hna tumanni miriqib tomosha qildi. Ona tabiatning go‘zal manzaralaridan zavqu shavq tuydi. Tuman markazi va mahallalarda yuz ochayotgan o‘zgarishlarni kuzatdi.

Qadimgi lapar va navolarimiz, nafis etnomadaniyatimiz keng targ‘ib qilinayotgan Boysunni yangi bosqichda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tmishdan baxshi-shoiru, etnomadaniyat ijodkorlarining ilhom manbai bo‘lgan tuman faqat madaniy go‘sha emas, balki xalqaro turizm va kreativ iqtisodiyot markaziga aylanadi. Ekoturizm va etnoturizm yanada rivojlantiriladi. Milliy hunarmandlik va milliy san’at iqtisodiy qiymatga aylanadi. Zamonaviy infratuzilma yangi bosqichda yuksaladi.

Bugun Bibishirin mahallasidagi turizm majmuasida mamlakatimiz hamda dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan folklor jamoalari ishtirokida xalqaro ko‘rik-tanlovga start beriladi. Shuningdek, tadbir doirasida milliy hunarmandlik san’ati ko‘rgazmalari tashkil etilib, hunarmandlar namunalari, varraklar, o‘tovlar va gulxan atrofidagi kichik festivallar, milliy taomlar ko‘rgazmasi, xalq o‘yinlari namoyishlari, dorbozlar chiqishlari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, boysunlik O‘zbekiston xalq shoir va yozuvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Festivalga uzoq-yaqindan tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlar xalqaro ko‘rik-tanlovda ishtirok etayotgan mamlakatimiz folklor jamoalarining gala-konsertini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA