Sun’iy intellektdan qo‘rqishga asos bormi? (+video)
Anadolu agentligi sun’iy intellekt sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniya vakillarining fikrlarini e’lon qildi. Masalan, OpenAI rahbari Sem Altman odamlarning sun’iy intellekt xavflaridan xavotirlanishi asosli deb hisoblaydi. Nvidia rahbari Jensen Xuang esa, aksincha, sun’iy intellektdan xavotirlanish yoki uni tartibga solish kerak emas, degan fikrni bildirgan.
Sun’iy intellekt imkoniyatlari juda tez rivojlanayotgan paytda odamlar ularning imkoniyatlaridan tashqari kutilmagan xavflaridan ham xavotir olishmoqda. Masalan, bu haqda OpenAI bosh direktori Sem Altman San-Fransiskodagi konferensiyada so‘zlagan nutqida, dunyo sun’iy intellektdan xavotirlanishi uchun barcha asoslarga ega, deb aytgan. U sun’iy intellekt imkoniyatlari avvalgiga qaraganda ancha tez rivojlanayotganini ta’kidladi. Altmanning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yaratayotgan kompaniyalar faqat rivojlanishni ko‘zlamay, avvalo xavfsizlikka e’tibor qaratishi kerak.
Shu bilan birga, Nvidia bosh direktori Jensen Xuang sun’iy intellekt texnologiyalarining yangi nusxalarini chiqarish yoki chiqarmaslik haqidagi qarorni tashqi tashkilotlar emas, texnologiyani yaratayotgan kompaniyalarning o‘zi qabul qilishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, sun’iy intellektda innovatsiyalarni tez rivojlantirish bilan xavfsizlikni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish noto‘g‘ri. Xuang, shuningdek, sun’iy intellekt orqali avtomatlashtirish odamlarning ish o‘rinlaridan mahrum bo‘lishiga olib kelishi haqidagi xavotirlarni ham “bema’nilik” deb atadi.
Meta bosh ijrochi direktori Mark Sukerberg ham sun’iy intellekt yaratayotgan kompaniyalar o‘z modellarini xavfsiz ishlab chiqish uchun yetarli darajada mas’uliyat va manfaatga ega ekanini bildirdi. Uning aytishicha, sun’iy intellekt laboratoriyalari o‘z modellarini xavfsiz ishlab chiqish uchun zarur choralarni mustaqil ravishda ko‘rishi kerak. Meta rahbari foydalanuvchilar o‘z manfaatlariga mos kelmaydigan va ularning ko‘rsatmalarini bajarmaydigan sun’iy intellekt agentlaridan foydalanmasliklarini ta’kidladi. Uning fikricha, sun’iy intellekt modellari yetkazgan zarar kompaniyalarni yuridik javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi kerak. Bu esa kompaniyalarni xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘yishga undaydi.
Avvalroq texnologiya sohasining bir qator mashhur vakillari, jumladan OpenAI rahbari Sem Altman va Ilon Mask sun’iy intellektni ishlab chiqish sur’atlarini sekinlashtirishga chaqirgan edi.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA