Sun’iy intellekt: milliy taraqqiyot uchun to‘g‘ri yo‘ldir
Prezident qarori amalda
Bugun jahon miqyosida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt – iqtisodiy o‘sish, samaradorlik va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishda asosiy vositaga aylanmoqda.
Buxoro viloyatida ham bu yo‘nalishda bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 2025 yil 9 oyligida viloyatda IT-Park rezidentlari soni 64 taga yetdi. E’tiborli tomoni, ularning 12 tasi eksportyor korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning o‘tgan davrida rezidentlar tomonidan 5 million 119 ming AQSH dollarlik IT xizmatlar eksport qilindi. Muhimi, eksport qilingan xizmatlar asosan AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, BAA va Qozog‘iston davlatlari xissasiga to‘g‘ri keladi.

– Qorako‘l tumanida asos solingan IT klasterida hozirgi kunda 320 nafar talaba tahsil olmoqda, – deydi Buxoro viloyat Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Alijon Yaxshiyev. – Ushbu yo‘nalish bo‘yicha talabalarni 1-bosqichda Hindiston, 2-bosqichda Malaziya davlatlariga yuborib, ularni jahon tajribalarida amalga oshirilayotgan sun’iy intellekt yo‘nalishda nazariy ham amaliy ma’lumotlarni olishlari va bilim darajalarini xalqaro standartlarga olib kelishga erishildi. Shuningdek, ushbu klasterda mavjud ingliz tili, informatika laboratoriyalaridan tashqari sun’iy intelekt laboratoriyasini ham ochish maqsad qilingan. Ushbu laboratoriya bizga 500 nafar davlat xizmatchisi o‘zi ishlayotgan joyda ish unumdorligini oshirib, yuklamalarni bir necha baravarga kamaytirishga olib keladi. O‘tgan, 9 oyda 6 million AQSH dollari miqdorida IT eksportiga erishilgan bo‘lsa, sun’iy intellektni ham eksport yo‘nalishiga qo‘shganda viloyatda axborot texnologiya sohasida eksportni oshirish alohida bir yechim bo‘ladi.
Prezidentimizning 2024 yil 14 oktyabrda qabul qilingan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yo‘nalish rivoji ham viloyat mutasaddilari oldida turgan asosiy masala hisoblanadi.
– Hozirda sun’iy intellektsiz samarali ishlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun ham mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan “Raqamli hokimlik” masofaviy elektron monitoring tizimini joriy etish boshlangan. Bu vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida hokimlikning yangi ma’muriy binosida zamonaviy analitik markaz tashkil etilmoqda. Kelgusida bu tajriba asosida “Smart Buxoro” konsepsiyasi doirasida yo‘nalishlar kesimida sun’iy intellekt asosida bosqichma-bosqich tatbiq etish rejalashtirilmoqda, – deydi Buxoro viloyat hokimining raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi Tolibjon Mirzayev.

Prezidentimiz sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida sohada 2030 yilga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarga ham alohida to‘xtaldi. Aytish lozim, Buxoroda ham ta’lim, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, turizm yo‘nalishlarida ko‘pgina istiqbolli loyihalarga qo‘l urilmoqda. Shunday loyihalardan biri tajriba tariqasida Buxoro davlat tibbiyot institutida sinovdan o‘tkazilmoqda.
– Ta’lim sohasida talabalar qanday bilim olayotganligini tahlil qilishda vaqt ko‘p sarflanadi, – deydi Buxoro Davlat tibbiyot instituti Raqamli ta’lim texnologiya markazi mutaxassisi Maqsud Zoirov. – Mazkur jarayonda sun’iy intellekt yaxshi yordam beryapti. Natijadorlikda ham 10-15 foizga o‘zgarishlar kuzatildi. Har bir talaba, har bir o‘qituvchini dars paytida ularni kamchiliklarini topib o‘zlariga aytib, sun’iy intellekt orqali o‘zgartirish kiritilmoqda.
Hozirda Qorako‘l tumanidagi Axborot texnologiyalari klasteri negizida sun’iy intelekt texnologiyalari markazini tashkil etishga ham jadal kirishilgan.
– Bugun Prezidentingiz sun’iy intellektni qishloq xo‘jaligi, bank ishi, sog‘liqni saqlash, shifoxonalar, transport, yo‘l harakati boshqaruvi, boshqaruv va boshqa tegishli sohalarda joriy etishga alohida e’tibor qaratgan, – deydi Acharya universiteti rektori Sridhar Venugopal. – Bu sa’y-harakatlar mamlakatning o‘sishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Barcha rivojlangan davlatlar hozirda o‘z tizimlariga sun’iy intellekni integratsiya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olgan. Milliy taraqqiyot uchun bu juda to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Bu zamon talablaridan biri ekanligini inobatga olib aytadigan bo‘lsak, biz ham O‘zbekistonda soha rivoji uchun keng qamrovli dastur ijrochisi hisoblanamiz. Birinchi navbatda Kvant tadqiqotlar, innovatsiyalar va startaplarni rivojlantirish uchun barqaror ekotizimni yaratamiz. Hududiy boshqaruvni modernizatsiya qilish va jamoat xizmatlarini yaxshilash uchun sun’iy intellektdan foydalanish loyihalari ishlab chiqilib, O‘zbekistonning global texnologik raqobatbardoshligini oshirish uchun inson kapitalini mustahkamlaymiz. Eng asosiysi, kelgusi besh yillikda Buxoroda mingga yaqin soha uchun kerakli kadrlash zahirasi shakllantiriladi.
– Bugungi kunda texnologiyalar har bir mamlakat rivoji uchun juda muhim ahamiyatga ega ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz va bunda har bir kishi uchun texnolgoiyalardan xabardorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Acharya Universitetida ma’lumotlar ilmi, sun’iy intellekt, bulutli hisoblash, mashinaviy o‘rganish, nyetworking, kiberxavfsizlik kabi IT sanoatida muhim sanalgan dasturlarni taqdim etmoqdamiz. Bu sohalar har bir mamlakat rivoji uchun zarur sanaladi. Talabalarga Acharya universitetida o‘qishlari mobaynida o‘z sohalarida zarur hisoblangan bilimlarni egallashi, texnologiyalardan xabardor bo‘lishlari va malakali injenerlar bo‘lib chiqishda ko‘mak beruvchi kompyuter dasturlariga ega texnologiyalarni taklif etmoqdamiz. Shu bilan birga talabalarni faqatgina nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarga jalb qilish bilangina cheklanmay, ularning yangidan-yangi startaplar ishlab chiqish, axborot texnologiyalarining turli sohalarida jumladan, raketasozlik, ma’lumotlar ilmi, innovatsiyalar ilmi sohalarga startaplar yaratishlarini, o‘zlarini IT kompaniyalariga asos solishlari orqali O‘zbekiston rivojiga ulkan hissa qo‘shishlarini istaymiz, – deydi universitetning axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Anuj Singx.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ejQ0ZhW-Xfg" title="Sun’iy intellekt: milliy taraqqiyot uchun to‘g‘ri yo‘ldir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.