Amerikada “Samarqand Digital Hub” innovatsion markazi faoliyat boshladi
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi samarqandlik ishbilarmonlar va rahbarlardan iborat delegatsiya shu kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining yozishicha, safar davomida viloyat delegatsiyasi AQSH shtatlari rahbarlari, yirik kompaniyalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, viloyat hokimi Adiz Boboyev Missuri shtati gubernatori Mayk Kexoy hamda shtat Senati a’zolari bilan uchrashuvda Samarqand va Missuri o‘rtasidagi iqtisodiy, investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


Muzokaralar chog‘ida hamkorlikni aniq loyihalar asosida rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Xususan, “Bunge” kompaniyasi bilan agrosanoat klasterini tashkil etish, “Post Holdings” kompaniyasi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish taklif qilindi. Shuningdek, Missuridagi qator kompaniyalar bilan sanoat avtomatizatsiyasi, mebel va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Missuri shtati Vakillar palatasi spikeri Chad Perkins va Senat a’zolari bilan uchrashuvda Samarqand viloyatida Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ortib borayotgani qayd etildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra viloyatimiz va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 15 million dollarga yetdi. Bugungi kunda Samarqanddan Amerika bozoriga mayiz, quritilgan meva-sabzavotlar, gilam va gilam mahsulotlari, konserva, ichimliklar hamda qalampir kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda.


Muzokaralar chog‘ida Missuri shtati qonunchilik va biznes doiralari delegatsiyasining Samarqandga tashrifini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, logistika, IT va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Safarning e’tiborli jihatlaridan biri AQSHning San Fransisko shahrida “Samarqand Digital Hub” innovatsion markazi o‘z faoliyatini boshlagani bo‘ldi.


Yangi markaz ish boshlagan ilk kundayoq “Humonola Inc” kompaniyasi bilan startap loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Mazkur kelishuv o‘zbekistonlik yosh dasturchilar va innovatorlar uchun o‘z g‘oyalarini global miqyosda, xususan, AQSH bozorida ilgari surish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Samarqand Digital Hub” nafaqat IT va startap ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladi, balki texnologik hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim platformaga aylanishi kutilmoqda. Markaz orqali Samarqand viloyatidagi yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni xalqaro investorlar va texnologik hamjamiyat bilan bog‘lash maqsad qilingan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri