Sun’iy intellekt imkonmi yoki xavf?
Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyasi jadal rivojlanib, jamiyat hayotining turli sohalariga keng joriy etilmoqda. Ushbu jarayon bir tomondan yangi imkoniyatlarni yaratayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, inson va intellektual tizimlar o‘rtasidagi munosabatlar, nazorat va xavfsizlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratishni talab etmoqda.
Ana shunday dolzarb mavzuga bag‘ishlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 28-noyabrdagi tegishli qarori asosida amalga oshirilayotgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida Styuart Rasselning “Insonga mos sun’iy intellekt va nazorat muammosi” kitobi munozarasi tashkil etildi.
Munozarada “1000 Kitob” loyihasi mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Suhbat davomida sun’iy intellektning jadal taraqqiyoti va uning insoniyat hayotiga ta’siri atroflicha muhokama etildi.
Bugun sun’iy intellekt nafaqat texnologik yutuq, balki ehtimoliy global xavf sifatida ham baholanayotgan bir sharoitda, tadbir ishtirokchilari “Inson o‘zidan aqlli tizimlar ustidan nazoratni saqlab qola oladimi?” degan savolga javob izladi.
Sun’iy intellekt sohasining yetakchi tadqiqotchilaridan biri bo‘lgan Styuart Rassel o‘z asarida odatiy yondashuvni tanqid qilib, “yanada aqlli mashina yaratish” g‘oyasi o‘rniga “inson maqsadlariga mos, nazorat qilinadigan intellekt” konsepsiyasini ilgari suradi. Uning fikricha, kelajakda xavflarni oldini olish uchun aynan shu tamoyil asosiy ahamiyat kasb etadi.
Munozaradagi kitob xalqaro miqyosda ham katta e’tirofga sazovor bo‘lgan. Jumladan, The Guardian nashri uni “sun’iy intellekt haqidagi eng muhim asarlardan biri” deb baholagan bo‘lsa, mashhur olim Maks Tegmark uni intellektual sayohat sifatida ta’riflab, muammolar va ularning yechimlarini chuqur yoritib berganini ta’kidlaydi.
Ishtirokchilar sun’iy intellektning rivojlanish sur’atlari, uning ijtimoiy ta’siri, axloqiy chegaralari hamda xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, kelajakda insondan ustun intellekt paydo bo‘lgan taqdirda uni qanday tarzda cheklash mumkinligi masalasi qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
Ayrim ishtirokchilar buni asosan texnologik muammo sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar uni avvalo, falsafiy va ijtimoiy masala sifatida tahlil qildi. Masalaning turli jihatlari bo‘yicha qarashlar bildirilib, dolzarb savollarga javob izlandi.
Interaktiv muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir nafaqat yangi bilimlar berish, balki yoshlarni tanqidiy fikrlashga undash, ularning zamonaviy texnologiyalarga nisbatan ongli munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-28838]
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sun’iy intellekt taraqqiyoti insoniyat oldiga yangi imkoniyatlar bilan birga jiddiy mas’uliyat ham yuklamoqda. Shu bois, bu sohadagi har qanday yutuq inson manfaatlari va xavfsizligini ta’minlash tamoyili asosida rivojlanishi lozim.
Kamola Yusupova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA