Oltiariqlik bog‘bonning innovatsion tajribasi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Abdulvohid Mirzajonovlar oilasi tomorqadan samarali foydalanish, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish va mevachilik sohasida innovatsion yondashuvlarni sinab ko‘rish bo‘yicha katta amaliy tajribaga ega.
Xonadon tomorqasida barpo etilgan mo‘’jaz, ammo serhosil mevali bog‘da xorijdan keltirilgan navlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, ularning hosildorligini oshirish hamda seleksiya elementlarini amalda qo‘llash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, payvandtak usuli orqali yangi navlarni ko‘paytirish va ularning biologik xususiyatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bog‘da Italiya va Ispaniyadan keltirilgan gilos, o‘rik va olma daraxtlari, Erondan olib kelingan nok hamda xandon pistasi parvarishlanadi. Ular mahalliy sharoitga moslashtirilib, yuqori hosil berish imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda.
Xonadonning yerto‘la qismida esa AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoydan keltirilgan 14 turdagi uzum navlari ustida amaliy tajribalar olib borilmoqda. Ushbu jarayonlar orqali uzumchilikda yangi, samarali texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari o‘rganilayotir.
[gallery-28842]
Ayni paytda xonadonda ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sifatli mevali ko‘chatlar yetishtirilib, buyurtma asosida mamlakatning turli hududlariga yetkazib berilmoqda. Bu esa aholi tomorqalaridan samarali foydalanish madaniyati kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA