Sudga nisbatan hurmatsizlik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ldi
Odatda ikki va undan ortiq taraf o‘rtasida biror masalada nizo kelib chiqsa, bu sud tartibida hal qilinadi. Ya’ni, taraflardan biri sudga da’vo ariza kiritadi. Natijada sud tomonidan ishni ko‘rish kuni, vaqti va joyi belgilanib, bu xususda ajrim chiqariladi. Biroq, da’vogar va javobgarning yoki ularning qonuniy vakillari sud majlisiga kelmasligi ham sudga, ham qonunga nisbatan hurmatsizlik.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudida sudga hurmatsizlik qilgan da’vogarlarning xatti-harakatiga huquqiy baho berildi.
Masalan, Chust tumanida yashovchi fuqaro Alisher Ismailov sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, Davlat kadastrlari palatasining Chust tumani filialiga nisbatan o‘ziga tegishli bo‘lgan – Chust tumani “Zarafshon” MFY Namangan yo‘li ko‘chasi 24-uy va shu ko‘chaning 129-uyida joylashgan noturar obe’ktlarga nisbatan qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish ruxsatnomasi hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish majburiyatini yuklashni so‘ragan. Albatta, sud ajrimi bilan mazkur da’vo ariza yuzasidan fuqarolik ishi qo‘zg‘atilgan.
So‘ngra dastlabki sud majlisi 2025-yil 5-avgust kuniga tayinlangan. Biroq javobgar sudga kelmagani bois ishni ko‘rish 2025-yil 12-avgust kuniga qoldirilgan. Bu haqda ham taraflar tegishli tartibda xabardor qilingan. Lekin javobgar ikkinchi marotaba ham sudga kelmagan.
Oqibatda sud majlisi 2025-yil 19-avgust kuniga tayinlangan. O‘sha kungi sud majlisida Davlat kadastrlar palatasi Chust tumani filiali mutaxassisi Abbos Toshmatov ishtirok etishi uchun berilgan ishonchnoma sudga yetib kelgan. Ammo kadastr idorasi vakili uchinchi marotaba ham sud chaqiruviga itoatsizlik qilgan. Boyaqish da’vogar har gal ovora-yu sarson bo‘lib qaytib ketavergan.
Yoki Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi fuqarolar Abdurahmon Ahmadjonov, Habibulla Mamajonov, Shukrullo Xonxo‘jayev, Abdulboqi Ubaydullayev, Nurdinboy Ergashovlarga nisbatan noqonuniy qurilmani o‘z hisobidan buzish va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonini dastlabki holatiga qaytarish majburiyatini yuklashni so‘rab, sudga da’vo ariza kiritgan.
Shu bois odatdagidek fuqarolik ishi qo‘zg‘atish va sud majlisini tayinlash, taraflarni sud majlisining joyi va vaqti to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilish yuzasidan ajrim chiqarilgan.
Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i tomonidan imzolangan tegishli ishonchnomaga binoan, ushbu sud majlisida Kadastr agentligi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari Jobirxon Mahmudov hamda Nodirjon Boyqo‘ziyevlar ishtirok etishi belgilangan. Lekin ikkala xodim ham takror-takror sudga kelmasdan hurmatsizlik qilgan.
Faqatgina uchinchi marotaba sud majlisiga 2 soatga yaqin vaqt kech qolib kelgan. Bu esa javobgarlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Fuqarolik protsessual kodeksining 6-moddasida sud qonunda o‘zining vakolatiga kiritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror chiqarishi mumkinligi belgilangan. Kodeksning 150-moddasiga muvofiq esa sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga boshqacha tarzda hurmatsizlik bildirgan shaxs sud tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Sudga hurmatsizlik guvoh, da’vogar, javobgar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashida yoki ushbu shaxslar va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmasligida yoxud sud majlisi vaqtida tartibni buzishida namoyon bo‘ladi.
Sudga hurmatsizlik ko‘rsatilgani fakti aniqlanganligi to‘g‘risida ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan sud majlisining o‘zida alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan sudya (sud tarkibi) tomonidan huquqbuzarga darhol e’lon qilinadi. Mazkur fakt sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydi. Sudga hurmatsizlik ko‘rsatilgani fakti aniqlangan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar o‘z tushuntirishlarini berishga haqli.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-4-moddasiga asosan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar fuqarolik ishlarining muhokamasi chog‘ida ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlagan hollarda ushbu Kodeksning 180 va 181-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Kodeksning 180-moddasiga asosan guvoh, jabrlanuvchi, da’vogar, javobgar, ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashida yoki mazkur shaxslarning va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchi farmoyishiga bo‘ysunmasligida yoxud sud majlisi paytida tartibni buzishda o‘z ifodasini topgan sudga hurmatsizlik –bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ana shu asoslangan sud Davlat kadastrlar palatasining Chust tumani filiali boshlig‘i Javohir Abdulhamidov, filial mutaxassisi Abbos Toshmatov va Kadastr agentligi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimi Jobirxon Mahmudovga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida hamda Nodirjon Boyqo‘ziyevga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llash xususida qaror qabul qildi.
Ta’kidlash lozimki, sud majlisining tayinlanishi, vaqti va joyi bo‘yicha chiqarilgan sud ajrimi bajarilishi majburiy. Negaki, Bosh qomusimizning 138-moddasida “Sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslari hamda fuqarolar uchun majburiydir” deya qayd etilgan. Shunday ekan, sud majlisiga kelmay yoki unga boshqacha tarzda hurmatsizlik qilish kechirilmas holat. Buni hech kim unutmasligi kerak.
Otamurod SIDDIQOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudining sudyasi.
O‘zA