Tarixni o‘rganish milliy o‘zlikni anglash demak
Har yili dunyoda 28-mart Butunjahon tarixchilar kuni sifatida nishonlanadi.
Bu bayram tarix fani bilan shug‘ullanuvchilar, arxeologlar, arxiv xodimlari va muzey mutaxassislarining kasb bayrami hisoblanadi.
Aytish kerakki, ushbu bayramning maqsadi insoniyat o‘tmishini o‘rganish, tarixiy haqiqatlarni saqlash va kelajak avlodlarga yetkazishda tarixchilarning mehnatini e’tirof etishdan iborat.
«Tarix» so‘zi qadimgi yunonchadan («historia») tarjima qilinganda «so‘rov berish orqali olingan ma’lumot» degan ma’noni anglatadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tarix fanini o‘rganishni zamon ruhiga mos tarzda yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda ham ushbu sana munosabati bilan soha vakillari, tarix fani o‘qituvchilari va olimlar tabriklanadi hamda turli ilmiy anjumanlar tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda madaniy merosni o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) faoliyat yuritadi, u 300 dan ortiq sharqshunos olimlarni birlashtirgan.
Tariximizni mukammal o‘rganish va targ‘ib etishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi kabi ilmiy-ma’rifiy maskanlarning hissasi beqiyos.
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivizilatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi yodgorlik majmuasi kabi muazzam dargohlar tariximizni mukammal o‘rganish va targ‘ib etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu maskanlar nainki yurtdoshlarimiz, balki dunyo sayyohlarining ham e’tiborida bo‘lib kelayotgani diqqatga sazovor.
N.Usmonova, O‘zA