Sentyabr oyida respublika bo‘ylab 147 ta yangi nodavlat tibbiyot muassasasi o‘z faoliyatini boshladi
Mamlakatimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimida raqobat muhitini kuchaytirish va aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Jumladan, joriy yilning sentabr oyida respublika bo‘ylab jami 147 ta yangi nodavlat tibbiyot muassasasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Hududlar kesimidagi tahlillarga ko‘ra, yangi tashkil etilgan klinikalarning asosiy qismi poytaxt va yirik viloyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Toshkent shahrida 31 ta, Andijon viloyatida 17 ta va Farg‘ona viloyatida 15 ta tibbiyot muassasasi yangidan ish boshlab, bu borada peshqadamlik qilmoqda. Mazkur uch hududning o‘ziga umumiy ko‘rsatkichning 42,9 foizi, ya’ni 63 ta muassasa to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, hududiy taqsimotga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 13 ta, Samarqandda 12 ta, Namangan hamda Xorazmda 11 tadan, Buxoroda 10 ta, Surxondaryoda 8 ta, Toshkent viloyatida 7 ta, Navoiyda 6 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta, Jizzaxda 2 ta hamda Sirdaryo viloyatida 1 ta yangi nodavlat tibbiyot tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi muassasalarning ochilishi chekka hududlarda ham aholiga malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada sog‘lom raqobatni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA