Sport tibbiyotida Italiya bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
Rim shahridagi Foro Italico universitetida “Sportda profilaktik sog‘liqni saqlash: Italiya modeli — joriy amaliyot va kelajak istiqbollari” mavzucidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etgan mamlakatimiz sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari Xalqaro sport tibbiyoti federatsiyasi (FIMS) prezidenti Fabio Pigozzi bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Fabio Pigozzi mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholab, o‘zbekistonlik sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mutaxassislarini so‘nggi yillarda o‘zbek sporti taraqqiyoti bilan tabrikladi.

Muloqot jarayonida sport tibbiyoti, diyetologiya, farmakologiya va psixologiya yo‘nalishlarida FIFA hamda FIMSning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Foro Italico universiteti bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida Foro Italico universiteti hamda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA