Tunis Gran-prisida navbatdagi medallar qo‘lga kiritildi
Mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida imkoniyati cheklangan insonlar ham o‘z salohiyatini munosib namoyon etishga muvaffaq bo‘lmoqda. Buning isbotini irodali parasportchilarimiz erishayotgan marralarda ham ko‘rishimiz mumkin.
Para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri turnirining navbatdagi kuni ortda qoldi. Murosasiz bellashuvlarda terma jamoamiz vakillari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallariga ega chiqdi.
Musulmonqul Ahmedov (F46 klassi, yadro uloqtirish: 14.67 m), Sunnat Botirov (F32 klassi, bulava uloqtirish: 30.43 m) hamda Qudratulloxon Ma’rufxo‘jayev (F37 klassi, disk uloqtirish: 53.58 m) oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Ixtiyor Rahmonov (F64 klassi, yadro uloqtirish: 11.18 m) va Akmalxon Abdurahmonov (F54 klassi, nayza uloqtirish: 17.74 m) esa kumush medallarini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Nurxon Qurbonova (F54 klassi, yadro uloqtirish: 5.81 m), Yoqutxon Xolbekova (T12 klassi, nayza uloqtirish: 26.30 m), Tolibboy Yo‘ldoshev (F37 klassi, disk uloqtirish: 47.46 m) hamda Farog‘at Muhammadqulova (F40 klassi, yadro uloqtirish: 7.34 m) kabi irodali sportchilarimiz bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Hozirda hisobimizdagi medallar soni 15 tani tashkil etmoqda, shulardan 6 ta oltin, 4 ta kumush hamda 5 ta bronza.
Sherbek Islomov, O‘zA