Sport ta’limi: Yangi o‘quv yili yangi iste’dodlarni kashf etadi
Bugun, 7-sentabr kuni mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari qatori O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda professional boksning WVA yo‘nalishi bo‘yicha sobiq jahon chempioni Isroil Madrimovga pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasi hamda dotsent unvoni topshirildi.
Tantanali marosimda universitet rektori Rashid Matkarimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida har jihatdan barkamollikka erishgan yoshlarning o‘rni yuqori bo‘layotganligini e’tirof etdi. Yangi o‘quv yili yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim bosqich bo‘lishini aytib, talabalik inson hayotidagi eng unutilmas va mas’uliyatli davrlardan biri ekanligini ta’kidladi.

Tantanali marosimda universitetning faxriy ustozlari, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi mutasaddilari, yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari hamda boshqa taniqli sport yulduzlari ishtirok etib, talaba-yoshlarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan muborakbod etdi.

Ota-onalar, talabalar ishtirok etgan tadbirda dastlabki o‘quv haftaligida talabalikka qabul qilingan yoshlar uchun “Birinchi kurs maktabi”, “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etilishi aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy daraja va unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA