Sport sinovlari g‘oliblari munosib taqdirlandi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish hamda ularni muntazam jismoniy faollikka jalb etish maqsadida o‘tkazilgan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida yuqori natija qayd etgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda sport sinovlarining majburiy va ixtiyoriy normativlarini muvaffaqiyatli bajargan talabalar munosib e’tirof etildi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan ta’sis etilgan I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari, tegishli guvohnomalar hamda sport kiyimlari tantanali ravishda topshirildi.

— “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari yoshlarning jismoniy salohiyatini baholash, iroda, matonat va chidamlilik kabi muhim fazilatlarni shakllantirish, eng muhimi, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday e’tirof talabalarni yanada yuqori sport natijalariga intilishga, muntazam jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga va o‘z ustida izchil ishlashga undaydi, — dedi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktorining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev.

Taqdirlash marosimida filial rahbariyati va mas’ullar sportda faol ishtirok etayotgan yoshlarni qutlab, mamlakatimizda yoshlar sportini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy samarasini berayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, filialda sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ommaviy sport musobaqalarini muntazam o‘tkazish ishlari izchil davom ettirilishi qayd etildi.

Mazkur taqdirlash marosimi nafaqat g‘olib talabalar uchun quvonchli va unutilmas voqeaga aylandi, balki barcha talaba-yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini tanlash hamda yuksak marralar sari intilishga chorlovchi muhim targ‘ibot tadbiri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri