"Global Tour 2026": Konkur bo‘yicha beshinchi bosqich g‘oliblari ma’lum bo‘ldi
Ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha "Global Tour 2026" musobaqasining beshinchi bosqichi yakunlanib, turli toifalarda chavandozlar saralandi.
Mamlakatimizda ot sportini rivojlantirish, iqtidorli chavandozlarni kashf etish va xalqaro musobaqalarga munosib zaxira tayyorlashga qaratilgan “Global Tour 2026” turkum musobaqalari davom etmoqda. Poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida mazkur turnirning beshinchi bosqichi o‘tkazilib, unda turli toifalardagi eng kuchli chavandozlar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar texnik mahorati, ot bilan o‘zaro uyg‘unligi hamda murakkab to‘siqlarni aniq va tezkorlik bilan bosib o‘tish borasidagi tayyorgarligini namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida har bir toifa bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
“A” toifasida Miryoqub Ismailov “Cornetta La Cami” laqabli oti bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Bahromjon G‘oziyev (Ledy) ikkinchi, Muhammaddiyor Raimjonov (Kaskat) esa uchinchi pog‘onadan joy oldi.
“V” tasnifida Mirzohid Musayev (Pirana) chempionga aylangan bo‘lsa, Asalxon Saidahmedova (Karina) kumush, Fayzullo Fayziyev (Simona) bronza medali sohibiga aylandi. “S” guruhida Sevinch Nazarova (Elis G) g‘oliblikni nishonladi. Saidali Shukurov (Kornet BS) ikkinchi, Abubakir Yakubov (Vailant 2) uchinchi natijani qayd etdi. “Ye” guruhida Anna Sigidina (Elis G) birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Polina Dudnikova (Ridjina) ikkinchi, Mumtozbegim Hakimova (Golden Star) uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Boshlovchi otlar o‘rtasidagi bahslarda esa Alisher Erkinov (Chaman) g‘olib deb topildi. Ulug‘bek Usmonov (Champions League 2) kumush, Bahromjon G‘oziyev (Kakoin) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
“Global Tour 2026” musobaqalari mamlakatimizda konkur sportini yanada ommalashtirish, milliy terma jamoa uchun munosib zaxira shakllantirish hamda chavandozlarning musobaqa tajribasini boyitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turnirning navbatdagi bosqichlarida ham kuchli raqobat va qiziqarli bellashuvlar kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA