Sport kurashlari: Ostonada jahon chempionlari aniqlanadi
Butunjahon kurash chempionati start olmoqda. 100 davlatdan minglab sportchilar 2028-yilgi Olimpiada yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolari va 30 ta medallar jamlanmasi uchun kurashadi. Ertaga yunon-rum kurashi bellashuvlari boshlanadi.
Jahon chempionati dasturiga muvofiq, 24-26-oktabr kunlari yunon-rum, 27-29-oktabr kuni ayollar kurashi hamda 29-oktabr - 1-noyabr kunlari erkin kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Ertaga, 24-oktabr kuni yunon-rum kurashi vakillari -55, -60, -77 va -82 kilogramm vazn toifalarining sovrinli o‘rinlari uchun bahs olib boradi.
Mazkur vazn toifasidagi musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Ixtiyor Botirov, Alisher G‘aniyev, Doniyorxon Nakibov va Jalgasbay Berdimuratov qatnashishga hozirlik ko‘rmoqda.

Bugun, 23-oktabr kuni jahon chempionati oldidan yunon-rum kurashi bellashuvlarini boshqarib boradigan hakamlar hamda terma jamoa murabbiylari uchun mandat komissiyasining yig‘ilishi, sportchilar uchun vazn o‘lchash marosimlari tashkil etildi.
Aytish lozim, 29-oktabrdan chempionat doirasida boshlanadigan erkin kurash bahslarida mamlakatimizning 9 nafar sportchisi qatnashsa, terma jamoamiz a’zolaridan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Razambek Jamalov o‘rniga Javohir Cho‘liboyev -74 kg. vazndagi kurashlarda vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, sportchilarga “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasi yo‘lidagi muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon chempionatida 30 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA