“Sport kuni” mazmunli va foydali o‘tdi
Yurtimiz yoshlarini ommaviy sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va unumli tashkil etish, shu orqali sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini targ‘ib etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Joriy yil 7-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ommaviy sportni rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilangan edi.

Zero, sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch ekanini davlatimiz rahbari doim ta’kidlaydi. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Toshkent shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy sport tadbiri tashkil etildi. Unda 100 dan ortiq xodimlar, tashkilotchilar va hakamlar ishtirok etib, turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.
Sportning nafaqat sog‘lom turmush tarzi, balki metin intizom, yurtparvarlik ramzi ekani “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tkazilgan musobaqalarda ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Erta tongdan boshlangan tashkiliy ishlar doirasida ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, sport maydonlari musobaqalar uchun to‘liq shay holga keltirildi hamda hakamlar o‘z faoliyatini boshladi.

Tadbir avvalida umumiy badantarbiya mashqlari o‘tkazilib, ishtirokchilarning jismoniy va ruhiy holati musobaqalarga moslashtirildi. Tashkilotchilar tomonidan xavfsizlik qoidalari va musobaqa tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Asosiy bellashuvlar futbol, voleybol va stol tennisi yo‘nalishlarida qizg‘in va murosasiz bahslar bilan davom etdi. Turli bo‘lim va boshqarmalar jamoalari o‘zaro kuch sinashar ekan, har bir o‘yin jamoaviylik, tezkorlik va aniq strategiyani talab qildi. Shu bilan birga, shaxmat-shashka va badminton kabi intellektual hamda texnik sport turlari ham tadbirga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi.

Mazkur sport tadbiri davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi. U xodimlarning jismoniy faolligini oshirish bilan birga jamoadagi o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Bu kabi tashabbuslar yurtimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.
– Xodimlarimizning har shanba kuni sport bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoitlar yaratilgan, – dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Shohida Jumanova. – Bu yerda shaxmat, stol tennisi, futbol, voleybol kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Kelgusi shanbada sport turlarini yanada ko‘paytirish niyatimiz bor.

– Milliy bank tomonidan har shanba kuni “Sport kuni” deb e’lon qilingani ayni muddao bo‘ldi, - dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati xodimi Nodir Zayniyev. – Bu musobaqalardan katta zavq olyapmiz. Bunday turnirlar faqat bir kun bilan yakunlanmaydi. Endilikda ular har shanba kunlari bo‘lib o‘tadi.
– Bank tomonidan o‘tkazilayotgan musobaqalar juda yuqori saviyada tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, - dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati xodimi Asilbek Azamatov. – Men barcha sport turlari bo‘yicha o‘zimni sinab ko‘rdim. Musobaqalar juda qizg‘in ruhda o‘tdi. Bunday tadbirlar ko‘proq o‘tishini xohlardik.

Darhaqiqat, sport turniri shunchaki musobaqa emas, xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali tashkil etish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini hayotimizga faol kirib kelishida muhim ahamiyat kasb etgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA