Soliqchilar bank kartalaridagi yirik pul o‘tkazmalarini kuzatishi mumkin
Soliq qo‘mitasi yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Loyihaga ko‘ra, banklar yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda soliq organlariga taqdim etishi, shuningdek, soliq nazoratini amalga oshirish maqsadida soliq organlarining rasmiy so‘rovlariga muvofiq qo‘shimcha axborot berishi taklif etilmoqda.
Hujjatning eng muhim jihatlaridan biri, jismoniy shaxslarning bank kartalariga boshqa shaxslardan kelib tushadigan yirik pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot almashish tizimini joriy etish hisoblanadi. Unga ko‘ra, yaqin qarindoshlardan tashqari boshqa fuqarolarning bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan bir oy davomida kelib tushgan mablag‘lar yig‘indisi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshgan holatlarda banklar bu haqda soliq organlarini xabardor qilishi mumkin.
Ayni paytda 500 BHM 206 million so‘mni tashkil etadi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab BHM oshirilishi munosabati bilan mazkur ko‘rsatkich 220 million so‘mga yetadi.
Loyihada jismoniy shaxslar tomonidan xorijdagi yuridik shaxslar foydasiga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etish tartibi nazarda tutilgan. Bunda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor etilmasligi qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda moliyaviy operatsiyalar shaffofligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Agar qaror loyihasi tasdiqlansa, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy muddatda avtomatlashtirilgan «Bank–soliq axborot almashinuvi» modulini ishlab chiqadi. Shuningdek, to‘rt oy ichida tijorat banklarining axborot tizimlarini mazkur platformaga integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA