O‘zbekiston Xalqaro elektrotexnika komissiyasining to‘laqonli a’zosiga aylandi
O‘zbekiston xalqaro standartlashtirish sohasida yana bir muhim yutuqqa erishdi. Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimiz 2027-yil 1-yanvardan boshlab ushbu nufuzli tashkilotning to‘laqonli a’zosi maqomini qo‘lga kiritdi.
Ovoz berish jarayonida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston kabi 46 mamlakat O‘zbekistonning to‘laqonli a’zoligini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, IEC Bosh kotibi Filipp Metsgerning joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi tasdiqlangani mazkur hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistonning IECga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mamlakat elektrotexnika sanoati, standartlashtirish tizimi va eksport salohiyati uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochadi.
Endilikda milliy standartlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, elektrotexnika mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish jarayonlari yanada tezlashadi.
To‘laqonli a’zolik O‘zbekistonga IEC Bosh assambleyasida rasmiy ovoz berish huquqini beradi. Bu esa mamlakatning xalqaro standartlar siyosati shakllantirilishida bevosita ishtirok etishi va o‘z pozitsiyasini ilgari surish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik mutaxassislar tashkilotning texnik qo‘mitalari va ishchi guruhlari faoliyatida to‘liq ishtirok etib, yangi standartlarni ishlab chiqish jarayonida milliy iqtisodiyot va sanoat manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
IECga to‘laqonli a’zolik mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun xalqaro bozorlarga chiqishdagi texnik to‘siqlarni qisqartirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, IECEE, IECEx, IECQ va IECRE kabi xalqaro muvofiqlikni baholash tizimlarida ishtirok etish mahalliy laboratoriyalar tomonidan berilgan sinov bayonnomalari va sertifikatlarning boshqa davlatlarda ham tan olinishini ta’minlaydi.
Bu esa mahsulotlarni eksport qilish jarayonini yengillashtirib, ortiqcha xarajatlar va vaqt sarfini kamaytiradi.
Mazkur qaror nafaqat elektrotexnika tarmog‘i, balki sanoatning boshqa sohalarida ham xalqaro standartlarni joriy etish jarayonlarini jadallashtirishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA