Soliq oliy maktabining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:
a) Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari;
b) Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi Soliqqa oid tadqiqotlar markazining asosiy vazifalari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Soliqqa oid tadqiqotlar markazida:
a) sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha raqamli soliq ma’murchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi;
b) soliq siyosati va ma’murchiligini takomillashtirish hamda xufyona iqtisodiyotni qisqartirish yuzasidan axborot-tahliliy va ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi;
v) soliq sohasida ilg‘or xalqaro tajriba, zamonaviy yutuqlar va amaliyotdan foydalanish asosida tashabbuslar tayyorlanadi;
g) soliq sohasidagi ilmiy izlanishlarni umumiy muvofiqlashtirish, soliq islohotlarining iqtisodiyotga ta’sirini baholash hamda "aql markazlari" bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yildan boshlab Oliy maktabga soliq sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalari ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Soliq organlarida xizmatni o‘tash tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi uzluksiz o‘quv tizimi joriy etiladi:
a) 2026-yil 1-avgustdan boshlab Oliy maktabda soliq organlari xodimlarining uch yilda kamida bir marta malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
b) soliq organlariga birinchi marta ishga qabul qilingan (bundan Oliy maktab bitiruvchilari mustasno) mansabdor shaxslarni soliq qonunchiligi va ma’murchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslari bo‘yicha davomiyligi uch oygacha bo‘lgan maxsus moslashishga ko‘maklashish (onboarding) o‘quv kursida o‘qitish;
v) soliq organlarining tegishli tuzilma rahbarligiga, shuningdek, soliq inspeksiyasi va soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimlariga zaxiraga olingan xodimlarni kamida ikki hafta muddatda malaka oshirish kurslarida o‘qitish;
g) soliq organlari xodimlarini bir tarkibiy tuzilmadan boshqasiga rotatsiya qilish yoki o‘tkazishda ularni ishdan ajralmagan holda bir haftalik qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida qayta tayyorlash.
Qarorga muvofiq, maktab, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har yili "Soliq bilimdonlari" ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari ularning ixtiyoriga ko‘ra Oliy maktabga imtiyozli yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Qaror bilan Soliq sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
O‘zA