Rossiyalik shifokorlar “Missiya Dobro” xalqaro loyihasi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurdi
26–31-oktabr kunlari «RJD-Meditsina» klinikalar tarmog‘ining mutaxassislari xayriya missiyasi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif davomida rossiyalik shifokorlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashib, tajriba almashadi hamda bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatadi.
Delegatsiya tarkibidan kardiojarrohlar, onkolog-jarroh, urolog, akusher-ginekolog, oftalmolog va travmatolog-ortoped o‘rin olgan. Mutaxassislar dastur doirasida Toshkent va Samarqanddagi tibbiyot markazlari hamda muassasalarida bo‘ladi.
Dasturga muvofiq, tibbiyot xodimlari va soha talabalari uchun mahorat darslari, ma’ruzalar hamda davra suhbatlari tashkil etiladi. Shuningdek, bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularga maslahatlar berish ko‘zda tutilgan. Loyiha bilim va tajriba almashish, kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolashning zamonaviy usullarini ommalashtirish hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

«RJD» OAJning tibbiyot bo‘yicha direktori, Markaziy sog‘liqni saqlash direksiyasi rahbari Yelena Fisenkoning ta’kidlashicha, rossiyalik mutaxassislarning bu kabi tashabbuslardagi ishtiroki nafaqat tajriba bo‘lishish, balki xorijlik hamkasblar amaliyoti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Tashabbus ikki mamlakat tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.

— Men uchun «Missiya Dobro» loyihasida ishtirok etish — bilimimiz va tajribamizni eng zarur bo‘lgan joyda qullash imkoniyatidir, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi, akusher-ginekolog Elmira Nurmuhammedova. — Bunday formatdagi kasbiy muloqot bemorlar uchun ham, shifokorlar uchun ham manfaatli. Shaxsan menga ushbu dastur professional o‘sishga kuchli turtki beradi, zero tajriba almashish orqali inson o‘z mutaxassisligini yanada chuqurroq anglaydi.
«Missiya Dobro» loyihasi 2021-yildan buyon «Rossotrudnichestvo» federal agentligi va «Dobro.RF» uyushmasi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Dastur doirasida sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va ekologiya kabi turli yo‘nalishdagi rossiyalik mutaxassislar butun dunyo bo‘ylab aholi va tashkilotlarga yordam ko‘rsatmoqda. Shu kungacha 20 dan ortiq mamlakatda 55 ta missiya tashkil etilib, 11 500 nafardan ziyod kishiga ko‘mak berildi. 2025-yilda «RJD-Meditsina» klinikalar tarmog‘i shifokorlari «Missiya Dobro» loyihasi orqali O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga uchta sayyor tashrifni amalga oshirgan edi.
Aziza Alimova, O‘zA